Yashil iqlim jamg‘armasi kengashi (Green Climate Fund — GCF) “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturini ma’qulladi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Dasturning umumiy budjeti 264,4 mln yevroni tashkil etib, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston tomonidan dasturni tayyorlash ishlarini Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi muvofiqlashtirdi.
Dastur doirasida O‘zbekiston 103,7 mln yevro mablag‘ oladi. Ushbu mablag‘lar o‘rmon va yaylovlarni tiklash, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishi uchun moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda 342 ming nafar aholining iqlim xavflariga chidamliligini oshirish rejalashtirilgan. Ularning qariyb yarmini ayollar tashkil etadi.
Shuningdek, 164 ming gektar o‘rmon, yaylov va qishloq xo‘jaligi yerlarida iqlim o‘zgarishiga moslashgan boshqaruv usullari joriy etiladi.
Bundan tashqari, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish va ularning yutilishini oshirish orqali 1,07 mln tonna karbonat angidrid ekvivalentidagi natijaga erishish ko‘zda tutilgan.
GIZ vakillarining ta’kidlashicha, dasturning ma’qullanishi Markaziy Osiyoda barqaror hamjamiyatlar va landshaftlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Uch mamlakat bilan hamkorlikdagi loyiha mintaqa aholisi va tabiati uchun uzoq muddatli natijalarga erishishga xizmat qiladi.
CLiCA dasturi Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy ekologik va iqlim muammolarini hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan.
Unda tabiiy ekotizimlarni saqlash, yer resurslaridan barqaror foydalanish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga eng zaif mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyiha, shuningdek, O‘zbekistonning iqlim sohasidagi ustuvor vazifalarini amalga oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.