Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmasligini qayd etdi.
“Global isish surʼatlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 mln gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi”, — dedi davlat rahbari.
Global ekologik birdamlik zaiflashayotganidan chuqur xavotir bildirildi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardan o‘z vaqtida va adolatli foydalanish imkoniyati bilan taʼminlanishi muhimligi taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Buni “yashil” kun tartibini ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bir qator muhim, strategik ahamiyatga ega mintaqaviy dasturlarning qabul qilingani ham tasdiqlamoqda.
Davlat rahbari O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.




“Yashil makon loyihasi doirasida qariyb 1 mlrd tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 mln gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi ‘yashil belbog‘lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi rezolyutsiyasi qabul qilindi”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli saʼy-harakatlar natijasida yiliga 10 mlrd kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Mamlakatning generatsiya quvvatlarida “yashil” energetika ulushi allaqachon 30% ga yetdi, 2030-yilning oxiriga borib esa 50% dan oshadi.
Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35% ga kamaytirish majburiyati muddatidan oldin bajarilib, 2035-yilgacha ularni ikki barobar qisqartirish bo‘yicha yangi marra belgilandi.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo‘yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi.
Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 mln tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 mln tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Davlat rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish bo‘yicha bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.
Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish taklifi bildirildi. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.
Prezident Toshkentdagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish muhimligini taʼkidladi.



Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini berishi taʼkidlandi.
Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olishni nazarda tutuvchi Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagini shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish dolzarb masala ekanligi qayd etildi. Bu mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini yaratib, sheriklarda uni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.
Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasi yaratilishi mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanishi mumkin.
Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi"ni ishlab chiqish, bu jarayonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisini muvofiqlashtiruvchi sifatida belgilash taklif qilindi.
Yoshlar orasida iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.
Davlat rahbari so‘zining yakunida tadbir ishtirokchilarini shu yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etdi.
Spot, avvalroq, Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy etilishi haqida yozgandi.






