Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining IPO’si uning boyligini $1 trlndan oshirishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

IPO jarayonida 555,56 mln dona aksiya sotilishi hisobiga rekord miqdordagi — $75 mlrd mablag‘ jalb qilindi. Bu esa, o‘z navbatida, kosmik sanoat, sun’iy yo‘ldoshlar va sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi kompaniyani $1,77 trlnga baholab, aksiyalarni birlamchi joylashtirish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.

Agar IPO tashkilotchilari qo‘shimcha aksiyalarni sotish huquqidan foydalansa, kompaniya qiymati yanada oshishi mumkin. Bunday qaror odatda aksiyalar joylashtirilganidan keyin 30 kun ichida qabul qilinadi.

Mask boyligining asosiy qismi aynan SpaceX hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirda uning SpaceX’dagi ulushi taxminan $866 mlrdga baholanmoqda.

Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, 12-iyun holatiga, Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbarining boyligi $971 mlrdni tashkil etadi.

O‘tgan hafta Reuters agentligi kompaniya har bir aksiya narxini $135 etib belgilagani haqida xabar bergan edi.

Avvalgi rekord 2019-yil dekabrida Saudiya Arabistonining davlat neft kompaniyasi — Saudi Aramcoga tegishli bo‘lib, u Ar-Riyod fond birjasidagi IPO orqali $25,6 mlrd jalb qilgan va kompaniya qiymati $1,71 trlnga baholangan edi. Inflyatsiya hisobga olinganda, bu summa bugungi qiymatda $33,2 mlrdga teng.

Ilon Maskning tarixdagi birinchi trillioner sifatidagi maqomiga aniqlik kiritish kerak. Bunday bahoni The Washington Post gazetasi keltirmoqda.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, “qog‘ozda” Maskning SpaceX va Tesla’dagi ulushi $1,1 trlnga baholanadi, biroq tadbirkor bu pulning bir qismini faqat olis kelajakda qo‘lga kirita oladi.


Avvalroq SpotIlon Mask OpenAI va Sem Altmanga qarshi sudda yutqazgani haqida yozgandi.

Sud hakamlar hay’ati Mask kompaniya va uning top-menejerlariga qarshi da’vo arizasini juda kech topshirgan degan qarorga keldi.