Ilon Mask OpenAI kompaniyasi va Sem Altmanga qarshi sudda yutqazdi, deya xabar bermoqda Axios nashri.
Hakamlar hay’ati bir ovozdan Ilon Mask kompaniya va uning top-menejerlariga qarshi da’vo arizasini juda kech topshirgan degan qarorga keldi.
Shuningdek, ular OpenAI jamiyat manfaatiga xizmat qilish missiyasidan voz kechib, tijorat korxonasiga aylangani haqidagi da’voni ham rad etdi, deya aniqlik kiritadi Bloomberg.
Hukm Oakland federal sudida chiqarildi. Sudya Yvonne Gonzalez Rogers hakamlar qarorini qo‘llab-quvvatlab, “ularning xulosalarini tasdiqlovchi yetarli dalillar bor"ligini aytdi va Maskning da’volarini “joyida rad etishga tayyor” ekanini bildirdi. OpenAI va Mask vakillari izoh so‘roviga javob bermadi.
Sud jarayoni 2026-yil aprel oxiridan beri davom etdi. Mask yuristlari OpenAI hammuassisi va bosh direktori Sam Altman hamda texnik direktor Greg Brokman notijorat laboratoriyani “o‘zlashtirib olganini” ta’kidladi.
Mask OpenAI va uning bosh direktori Sem Altmanni 2024-yil martida sudga bergandi. Tadbirkor kompaniyani, shuningdek, uning hammuassislari Sem Altman va Gregori Brokmanni kelishuvlarni buzganlikda aybladi.
Dastlab Mask kompensatsiya talab qilgan, biroq keyinroq g‘alaba qozonsa, mablag‘ni OpenAI’ning notijorat tuzilmasiga yo‘naltirishni so‘radi.
Shuningdek, u Altman va Brokmanni “noqonuniy boyish” sababli rahbarlikdan chetlatishga urindi.
Mask yuristlari Altman’ni “yolg‘onchi rahbar” deb atab, OpenAI asoschilari va dastlabki investorlar kompaniya muvaffaqiyatidan katta foyda ko‘rganini aytdi.
Masalan, Brokman sudda o‘z ulushi qariyb $30 mlrdga baholanishini bildirgan. Sobiq bosh ilmiy xodim Ilya Sutskever ulushi esa $7 mlrd deb baholanmoqda.
OpenAI yuristlari esa Maskni “rashkchi raqobatchi” sifatida tasvirlab, u biznes ustidan to‘liq nazoratni ololmagach kompaniyani tark etib, keyinchalik raqobatchi xAI’ni yaratganini aytdi.
Altman va Brokman tadbirkorni “oldindan aytib bo‘lmaydigan” va “tez jahli chiqadigan” inson deb atadi.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, bu sud qarori OpenAI, uning rahbarlari va dastlabki investorlaridan biri Microsoft Maskning qolgan da’volari bo‘yicha javobgarlikka tortilmasligini anglatadi.
Avvalroq Spot Parij prokuraturasi Ilon Maskni hibsga olish bilan tahdid qilgani haqida yozgandi.
Prokuror Lor Bekoning aytishicha, Mask sud chaqiruvlarini e’tiborsiz qoldirishda davom etsa, unga nisbatan hibs orderi chiqarilishi mumkin.