X ijtimoiy tarmog‘i ishi bo‘yicha tergov sudyalari uning egasi, amerikalik milliarder Ilon Maskni hibsga olish orderini so‘rashi mumkin. Bu haqda Parij prokurori Lor Beko RTL radiosi efirida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, agar Maskka rasmiy ayblov qo‘yilib, u sud chaqiruvlarini e’tiborsiz qoldirishda davom etsa, uni sudga olib kelishning yagona yo‘li hibs orderi bo‘ladi.

Hozircha X bo‘yicha tergov davom etmoqda. Ish bilan uch nafar tergov sudyasi shug‘ullanmoqda. Parij prokuraturasi AQSH Adliya vazirligi hali Fransiya yuborgan so‘rovga javob bermaganini ham bildirdi.

2026-yil fevralida Fransiyadagi X ofislarida tintuv o‘tkazilgandi. Operatsiya Europol va Fransiya jandarmeriyasining kiberjinoyatlarga qarshi bo‘linmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, tergov 2025-yil yanvarida foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq algoritmlari ustidan shikoyatlaridan so‘ng boshlangan.

Bundan tashqari, X’ning Grok chat-botiga ham e’tirozlar bildirilgan. U Holokostni inkor etuvchi materiallar va sun’iy yaratilgan pornografik tasvirlarni tarqatishda ayblanmoqda.

Parij prokuraturasi avvalroq Mask va sobiq X rahbari Linda Yakarinoni 20-aprelga so‘roqqa chaqirgan, biroq Mask kelmagan. Shundan so‘ng 7-may kuni milliarderga nisbatan dastlabki tergov boshlangan.

2026-yil yanvar oyida Yevrokomissiya ham X.ga qarshi rasmiy tergov boshladi. Bunga voyaga yetmaganlar ishtirokidagi shahvoniy kontentni yaratish uchun Grok chat-botidan foydalanish sabab bo‘ldi.

X Grok’da foydalanuvchilar uchun haqiqiy odamlarga oid ochiq tasvirlarni chekladi. Ijtimoiy tarmoq X’dagi Grok akkaunti orqali ochiq kiyimdagi haqiqiy odamlar tasvirlarini yaratishni cheklovchi “texnik choralar"ni joriy etganini ma’lum qildi.

Kompaniya, shuningdek, “noqonuniy bo‘lgan yurisdiksiyalarda” Grok ilovasi orqali behayo rasmlar yaratish funksiyasini bloklashni boshladi.

X qoidalarning o‘zgarishi haqida Kaliforniya hukumati real odamlar, jumladan, voyaga yetmaganlar bilan ularning roziligisiz jinsiy xarakterdagi tasvirlar yaratilgani uchun ijtimoiy tarmoqqa qarshi tergov boshlaganidan keyin gapirdi.

2025-yil dekabr oyida xAI Grok suhbat-botidagi tasvirlarni tahrirlash funksiyasini yangiladi. Shu bilan birga, X tarmog‘ida lentadagi postlardagi rasmlarni bepul sun’iy intellekt yordamida tahrirlash imkoniyati qo‘shildi. Yaratilgan tasvirlar asl postning sharhlari qismida ko‘rsatilardi.

2026-yil yanvar oyida ommaviy axborot vositalari foydalanuvchilar funksiyani suiiste’mol qilayotgani va haqiqiy odamlarning fotosuratlari asosida ommaviy ravishda behayo tasvirlar yaratayotganiga e’tibor qaratdi.

Shundan so‘ng Malayziya va Indoneziyada chat-botga kirish bloklandi. Tanqidlar fonida X postlar ostidagi @grok belgisi ostida rasmlarni tahrirlashni faqat pullik obunachilar uchun ochiq qildi.

Shunga qaramay, Britaniya regulyatori Ofcom hukumat iltimosiga ko‘ra X kompaniyasiga qarshi tergov boshladi.