O‘zbekistonda jamoaviy mehnat nizolari yuzaga kelgan hollarda ish tashlashni tashkil etish tartibi qonun bilan belgilandi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar berdi.
Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy bo‘lib, hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50%dan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida 1 oy oldin amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan 1 ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi. Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi. Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.
Agar ish tashlash insonlar hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirsa yoki jamoat xavfsizligi, tartibi hamda ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sud qaroriga ko‘ra uning boshlanishi 30 kungacha kechiktirilishi yoki 30 kungacha to‘xtatib turilishi mumkin.
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi.
Ish tashlashda quyidagilarning qatnashishi mumkin emas hamda ular ishtirokidagi ish tashlash taqiqlangan hisoblanadi:
- tibbiyot xodimlari;
- davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar;
- harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvonlarga yoki martaba (malaka, mansab) darajalariga ega xodimlari;
- energiya va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari;
- aloqa tizimi xodimlari.
Agar Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan talablarni buzgan holda ish tashlash amalga oshirilgan yoki ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, bu noqonuniy ish tashlash deb topiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mehnat qonunchiligi bilan ish tashlash taqiqlangan hollarda ish tashlashda ishtirok etish BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha (1,2 mlndan 2,8 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,1 mlndan 6,1 mln so‘mgacha)miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:
- BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
- 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Avvalroq Spot Samsung’da 50 ming nafar xodimning ish tashlashi kutilayotgani haqida yozgandi.
Kasaba uyushmasi ishchilar kompaniyaning operatsion foydasidan 15% olishini va to‘lovlar chegarasini butunlay olib tashlashni talab qilmoqda.