21-may kuni Janubiy Koreyada dunyodagi xotira chiplari ishlab chiqarishning uchdan bir qismi bog‘liq bo‘lgan zavodlar to‘xtaydi, deya xabar bermoqda CNBC.
Mojaroning ildizi — bonuslar tizimi. Kasaba uyushmasi ishchilar kompaniyaning operatsion foydasidan 15% olishini va to‘lovlar chegarasini butunlay olib tashlashni talab qilmoqda.
Samsung 10% va bir martalik ustama taklif etadi. Biroq, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Potensial to‘xtab qolish ko‘lami hatto hukumatni ham qo‘rqitmoqda. Mamlakat bosh vaziri Kim Min Sok Samsungning bevosita zararini 1 trln von (taxminan $66,5 mlrd) deb baholadi.
Ammo liniyalarning to‘xtashi tufayli yarim tayyor kremniy plastinalarini tashlab yuborishga to‘g‘ri kelsa, zarar 100 trln vonga yetadi.
Aprel oyidagi repetitsiyaning bir sutkalik norozilik aksiyasiga 40 ming kishi qo‘shilgan, buning natijasida zavod liniyalarida chiplar ishlab chiqarish bir kunda 18% ga pasaygan edi.
Qayd etilshicha, endi esa gap 18 kunlik namoyish va 50 mingga yaqin ishtirokchi haqida ketmoqda va bu juda katta ko‘lam.
Ushbu norozilik Rossiya va Yevropadagi xaridorlarga ta’sir qiladi, chunki kompaniya Apple, Dell, Lenovo, Nvidia va o‘nlab boshqa vendorlar xarid qiladigan DRAM va NAND-flesh turidagi xotira chiplarini ishlab chiqaradi.
Bu butlovchi qismlar taqchilligi tayyor qurilmalar narxini o‘z-o‘zidan oshirib yuboradi — tahlilchilar butun bozor bo‘yicha narxlar 20−30% ga ko‘tarilishini taxmin qilmoqda. SSD-disklar, tezkor xotira, flagman telefonlar — bularning barchasi xavf ostida qoladi.
Samsung Janubiy Koreya yalpi ichki mahsulotining 12,5%ini va mamlakat umumiy eksportining 22,8%ini ta’minlaydi. Birgina aktiv milliy iqtisodiyotga shu qadar chuqur singib ketganda, uning faoliyatidagi har qanday uzilish ichki korporativ nizo bo‘lib qolmay, davlat ahamiyatidagi muammoga aylanadi.
Samsung’da ish tashlash
2024-yil iyul oyi boshida Samsung’ning 6500 dan ortiq xodimlari ish haqi va haq to‘lanadigan ta’tilni oshirishni, mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilib ish tashlash e’lon qilgandi.
Bu 2024-yildagi ikkinchi shunday aksiya bo‘lib, birinchisi iyun oyi boshida, mahalliy kasaba uyushma a’zolari jamoaviy dam olish kunida sodir bo‘ldi. Bungacha 55 yil davomida Samsung tarixida bunday holat hech qachon bo‘lmagan.
Har ikki ish tashlash 30 mingdan ortiq odamni birlashtirgan Samsung Electronics Milliy ittifoqi tashabbusi bilan boshlangan.
Avvalroq Spot Samsung Galaxy Z Flip smartfonlar qatorini yopayotgani haqida yozgandi.
Galaxy Z Flip seriyasidan voz kechilishi ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.