Samsung Electronics xodimlarining ehtimoliy ish tashlashi Janubiy Koreya iqtisodiyotiga 100 trln vongacha ($66 mlrd) zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda The Chosun Daily nashri xabar bermoqda.

Mamlakat Savdo, sanoat va energetika vaziri Kim Chjon Gvan bayanotida mehnat mojarosi oqibatlarini “tasavvur qilish qiyin” bo‘lishini ta’kidladi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatlarining to‘xtab qolishi va materiallarning shikastlanishi 1,7 mingga yaqin kompaniyaga ta’sir qilishi mumkin.

Qo‘shimcha xatarlar xorijiy hamkorlarning Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari va ta’minot zanjirlariga bo‘lgan ishonchi pasayishi bilan bog‘liq.

Rasmiylar xalqaro kompaniyalar ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga ko‘chira boshlashidan xavotirda, bu esa daromad va ish o‘rinlarini yo‘qotishga olib keladi.

Ta’kidlanishicha, Samsung mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda: kompaniya Janubiy Koreya yalpi ichki mahsulotining qariyb 12,5%ini tashkil etadi, xodimlari soni esa 129 ming kishidan oshadi. Bundan tashqari, korporatsiya aksiyalariga mamlakatning har o‘ninchi aholisi egalik qiladi.

JPMorgan hisob-kitoblariga ko‘ra, ish tashlashning Samsung operatsion foydasiga ta’siri 21 trlndan 31 trln vongacha (taxminan $14 mlrddan $20 mlrdgacha) bo‘ladi va yo‘qotilgan savdo foydasi taxminan 4,5 trln vonni tashkil etishi mumkin.

Samsung’da ish tashlash

Qayd etilishicha, Samsung Electronics xodimlari kasaba uyushmalari 21-may kuni 18 kunlik ish tashlashni boshlash niyatida.

Mojaroga yarimo‘tkazgichlar sanoatidagi o‘sish tufayli kompaniya foydasining o‘sishi fonida bonuslar va mukofotlar miqdori bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi.

Kasaba uyushmalaridan birining rahbari 7-iyundagi norozilik aksiyasi tugaganidan keyin rahbariyat bilan muzokaralarga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi.

Koreya qonunchiligiga muvofiq, ish tashlash milliy iqtisodiyot yoki fuqarolarning kundalik hayotiga tahdid solsa, hukumat uni 30 kungacha to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Avvalroq davlat komissiyasi tomonlarga 16-may kuni muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishni taklif qilgan edi.

2024-yil iyul oyi boshida Samsung’ning 6500 dan ortiq xodimlari ish haqi va haq to‘lanadigan ta’tilni oshirishni, mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilib ish tashlash e’lon qilgandi.

Bu 2024-yildagi ikkinchi shunday aksiya bo‘lib, birinchisi iyun oyi boshida, mahalliy kasaba uyushma a’zolari jamoaviy dam olish kunida sodir bo‘ldi. Bungacha 55 yil davomida Samsung tarixida bunday holat hech qachon bo‘lmagan.

Har ikki ish tashlash 30 mingdan ortiq odamni birlashtirgan Samsung Electronics Milliy ittifoqi tashabbusi bilan boshlangan.


Avvalroq Spot Samsung 2027-yilda xotira inqirozi keskinlashishini kutayotgani haqida yozgandi.