Samsung mikrosxemalar savdosidan tushgan daromadning 49 barobar oshishi tufayli rekord darajadagi choraklik foydani e’lon qildi.
Shuningdek, mijozlar sun’iy intellektga sarmoya kiritayotgani sababli kelgusi yilda jiddiy taklif taqchilligi chuqurlashishini kutayotganini aytdi, bu esa uning xotira mikrosxemalari narxining oshishiga olib keladi.
Sun’iy intellekt uchun ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari qurilishidagi jadal o‘sish Samsung va boshqa mikrosxema ishlab chiqaruvchilarini Nvidia (NVDA.O) tomonidan yaratilayotgan ilg‘or chiplarni ishlab chiqarish uchun quvvatlarini ajratishga undadi.
Shunga qaramay, mikrosxema ishlab chiqaruvchilar talabni qondirishga zo‘rg‘a ulgurmoqda va bu holat an’anaviy mikrosxemalar taklifini ham qisqartirmoqda.
“Bizning yetkazib berish hajmlarimiz mijozlar talabidan ancha ortda qolmoqda”, — dedi Samsung‘ning xotira chiplari bo‘linmasi rahbari Kim Chjejun moliyaviy natijalar e’lon qilinganidan so‘ng tahlilchilar bilan bo‘lgan muloqotda.
Uning ta’kidlashicha, faqatgina 2027-yil uchun mavjud talabdan kelib chiqilsa, talab va taklif o‘rtasidagi farq 2027-yilda 2026-yilga nisbatan yanada kattalashadi.
“Sun'iy intellekt texnologiyalarining uzluksiz rivojlanishi talabning barqaror o‘sishiga olib keladi, biroq yangi zavodlar qurish uchun zarur bo‘lgan vaqtni hisobga olsak, taklif hozircha cheklanganligicha qoladi”, — dedi Kim.
Samsung yanvar-mart oylarida o‘zining chiplar ishlab chiqarish bo‘linmasining operatsion foydasi o‘tgan yilning shu davridagi 1,1 trln vonga nisbatan rekord darajadagi 53,7 trln vonga ($36,15 mlrd) yetganini ma’lum qildi.
Bu choraklik rekord ko‘rsatkich — 57,2 trln vonning 94%ini tashkil etdi. Mazkur raqam Samsung‘ning shu oy boshida e’lon qilgan taxminiga mos keldi va bir yil avvalgi 6,69 trln vonlik ko‘rsatkichdan oshdi. Umumiy daromad o‘tgan yilga nisbatan 69% ga o‘sib, 133,9 trln vonni tashkil etdi.
Samsung kompaniyasining bildirishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro mikrosxemalar ishlab chiqarishni izdan chiqarmagan, chunki firma zaxiralarni ta’minlab, ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan gaz manbalarini diversifikatsiya qilgan.
Shu bilan birga, kompaniya neft narxining oshishi tufayli transport xarajatlarining ko‘tarilishi xavfini qayd etib, Janubiy Koreya hukumati bilan hamkorlikda barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.
Mart oyida Samsung mobil bo‘linmasini “inqiroz rejimi"ga o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Bunga xotira chiplari tanqisligi va Yaqin Sharqdagi mojaro sababli logistika zanjirlarining buzilishi sabab bo‘lgan.