Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasining direktorlar kengashi raisi Jamil Kazanchini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, xususan, uning O‘zbekiston energetika tarmog‘ini rivojlantirish va texnologik modernizatsiya qilish loyihalarida ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar aniq loyihalar bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishdi.

Aksa Enerji direktorlar kengashi raisi Jamil Kazanchi O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident raisligida o‘tgan kengash yig‘ilishi investorlar va mamlakat aholisi manfaatlari nuqtayi nazaridan samarali bo‘lganini qayd etdi.

“Aksa guruhi sifatida elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlariga sarmoya kiritib, yo‘qotishlarni kamaytirish, tannarxni pasaytirish va energiyadan foydalanish samaradorligini oshirishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.

Jamil Kazanchi yig‘ilishda Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilinganini bildirdi. Kompaniya ularni bir hafta ichida imzolashni rejalashtirmoqda. Shu orqali Samarqandda boshlangan elektr tarmoqlarini boshqarish borasidagi faoliyatini ushbu hududlarda ham kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Aksa Enerji direktorlar kengashi raisining qayd etishicha, prezident bilan muloqotda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniqlashtirilgan. Kompaniya aholi manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalarni o‘rganib, o‘z takliflarini bildirmoqchi.

“Bizga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalar taqdim etildi. Endi ularni tez fursatda o‘rganib, o‘z takliflarimizni bildiramiz. Ushbu tashrifimiz aniq kelishuvlar bilan yakunlanishini istaymiz”, — dedi Kazanchi.

Aksa Enerji hozirgacha O‘zbekistonga $750 mln investitsiya kiritib, to‘rtta elektr stansiyasi qurdi. Kompaniya bundan buyon elektr energiyasi va gaz taqsimoti yo‘nalishlarida ham faoliyatini davom ettirishni maqsad qilgan.


2025-yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida prezident Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish rejasini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilda yana 8 ta hududdagi tarmoqlarni boshqarishga xususiy operatorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning noyabrida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Samarqand elektr tarmoqlari Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi boshqaruviga berilishini ma’lum qildi. Kompaniya Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida bir yil avval boshlangan xalqaro tender g‘olibi deb topilgan.

Dekabr oyida prezident energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Aksa elektrik bilan kelishuvga erishilganini ma‘lum qilib, 2026-yil Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etilishini bildirdi.

Shartnomaga ko‘ra, Aksa Enerji elektr tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik modeli asosida 30 yil davomida boshqaradi. Kompaniya 2025-yilgi hisobotida ularni modernizatsiya qilish uchun $1 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Energetika vazirligi xususiy hamkor loyiha amalga oshirilishining dastlabki 10 yilida kamida $350 mln investitsiya kiritishi kerakligini bildirdi. Prezident tomonidan avgust oyida tasdiqlangan loyiha parametrlariga ko‘ra, kompaniya tarmoqlar boshqaruviga berilganidan keyingi dastlabki ikki yil ichida kamida $27 mln sarmoya kiritishi va elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishi lozim.

Bunda elektr tarmoqlari davlat mulki bo‘lib qoladi. Hududiy elektr tarmoqlari Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlari infratuzilmasiga bog‘liq aktivlardan bepul foydalanish huquqini saqlab qoladi. Aktivlar xususiy hamkorga mulk qilib berilmaydi va ularni tasarruf etish huquqi ham topshirilmaydi.

Avvalroq Spot nasos stansiyalarini energiya tejamkor qilishga xususiy investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edi.