Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Energiya saqlash loyihalari uchun qonunchilikda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 10 yillik imtiyozlar belgilangan. Ularni qo‘llashdagi turlicha talqinlarga barham berish uchun imtiyozlar akkumulyator yoki quyosh paneli joylashgan maydon bilan birga zarur podstansiya, boshqaruv binosi va yordamchi infratuzilmaga ham tegishli ekani Soliq kodeksida aniq ko‘rsatiladi.

Taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtiroki ham kengaytiriladi. Samarqandda boshlangan yondashuvni Jizzax va Toshkent viloyatlarida davom ettirish rejalashtirilgan. Bundan maqsad elektr yo‘qotishlarini kamaytirish va iste’molchilarga xizmat sifatini yaxshilash ekani qayd etildi.

“Eng arzon energiya — tejalgan energiya”, — dedi prezident.

Ijtimoiy soha obyektlari va suv xo‘jaligidagi nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishga xususiy sarmoya jalb etiladi. Investorlar tejalgan energiya va karbon kreditlar hisobidan daromad olishi mumkin bo‘ladi.

Spot avvalroq OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun $200 mln qarz ajratishi haqida yozgandi.