Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan davrda sohaga $35 mlrd investitsiya kiritildi, hamkor davlatlar soni 2−3 tadan 10 tadan ortiqqa yetdi.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31% ga ko‘tarildi. “Yashil” quvvatlar 11,1 gigavattni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28% ga oshib, 2,3 ming kilovatt-soatga yetdi.
Bugun umumiy qiymati $4,7 mlrd lik 6 ta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Davlat rahbari o‘tgan yillarda energetika loyihalarini tayyorlash va investorlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘planganini qayd etdi. Endi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tiladi: har bir investitsiya yangi quvvat yaratish bilan birga ta‘minot ishonchliligini oshirishi va yo‘qotishlarni kamaytirishi kerak.
2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish maqsad qilingan. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 mlrd kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54% ga yetadi.
Yaqinda imzolangan farmon bilan yoqilg‘i-energetika sohasida davlat va biznesning vazifalari aniq ajratildi. Yangi bosqichda loyihalar ochiq raqobat, shaffof qoidalar va kelishilgan shartlarning izchil bajarilishi asosida amalga oshiriladi.
Ilk bosqichda “yashil” quvvatlarni tez yaratish uchun loyihalar ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirildi. Bu ko‘plab sarmoya jalb etish imkonini berdi. Biroq ayrim joylarda quvvatlar to‘planib, elektrni boshqa hududlarga yetkazish xarajatlari oshdi.
“Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak”, — dedi prezident.
Endi qaysi hududda qanday quvvat zarurligi oldindan rejalashtirilib, tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi.
Tanlovga qo‘yiladigan har bir loyiha bo‘yicha yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va muddati, elektrni xarid qilish hamda to‘lov shartlari avvaldan e‘lon qilinadi. Barcha investorlar uchun talablar teng bo‘ladi, to‘lov intizomi va xatarlarni kamaytirish mexanizmlari mustahkamlanadi.
Yaqinda umumiy quvvati 2,2 ming megavatt bo‘lgan 6 ta quyosh va shamol stansiyasining loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Davlat rahbari investorlarni ularda ishtirok etishga taklif qildi.
Spot avvalroq OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun $200 mln qarz ajratishi haqida yozgandi.