O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilganidan so‘ng aholi energiya resurslarini kamroq iste’mol qilib, tejamkorlikka o‘tdi. Bu haqda 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasi bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda bir abonentning o‘rtacha oylik elektr energiyasi iste’moli 212 kVt·soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 13% ga kamayib, 184 kVt·soatga tushgan. Shu davrda gaz iste’moli ham oyiga 431 kub metrdan 342 kub metrgacha yoki 21% ga qisqargan.

“Bu degani, tarif islohotlari o‘z vaqtida amalga oshirilgani natijasida aholi asta-sekin vaziyatni anglab, energiyani iqtisod qilishga va energiya samaradorlikka o‘tmoqda. Ularda energiya resurslaridan foydalanish madaniyati shakllanib boryapti. Biz buni juda ijobiy tendensiya deb hisoblaymiz”, — dedi Mustafayev.

1-iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana oshirildi. Maishiy iste’molchilar uchun iste’mol hajmiga qarab tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi, elektr energiyasi uchun esa oyiga 201 dan 500 kVt⋅soatgacha bo‘lgan yangi bosqich joriy etildi.

2026-yil boshidan aholi uchun elektr energiyasi va gaz tariflarini, qoida tariqasida, yillik inflyatsiyani hisobga olgan holda, biroq 10% dan oshmagan holda har yili indeksatsiya qilish mexanizmi ham amal qilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilga borib isitish tannarxini 30−40% ga kamaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.