O‘zbekistonda markazlashgan isitish tizimini modernizatsiya qilish va issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish hisobiga uning tannarxini 30−40% ga pasaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni neft-gaz sohasiga mas’ul iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, isitish tannarxini qoplash darajasiga yetkazish faqat tariflarni oshirish hisobiga amalga oshirilmaydi.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida issiqlik energiyasi tannarxini har yili kamida 15% ga pasaytirish imkonini beruvchi dastur ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimini texnik auditdan o‘tkazish va yo‘qotishlarni kamaytirish uchun modernizatsiya dasturini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

“Tannarx faqat oshib boradigan ko‘rsatkich emas. Kompaniya tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uni pasaytirish ustida ishlaydi”, — dedi Mustafayev.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2028-yildan boshlab aholi uchun markazlashgan isitish tariflarini yiliga bir marta — 1-maydan boshlab, yillik inflyatsiyadan kelib chiqib, biroq 10% dan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, yangi tariflarni 2026-yil 1-noyabrdan joriy etish rejalashtirilgan. Hujjatning jamoatchilik muhokamasi 28-oktabrgacha davom etadi.

Pasaytirilgan tariflarni 2030-yilgacha bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish 2025-yil 11-martdagi prezident qarorida ham belgilangan.

Qaror loyihasida, shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, 2027-yil yakunigacha tarmoqlardagi yo‘qotishlarni 25% ga qisqartirish hamda soha korxonalarida zamonaviy billing tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.


Avvalroq Spot 1-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshishi mumkinligi haqida yozgandi.