Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Xitoyning CAMCE, China Energy va Sinoma Energy kompaniyalari rahbarlari hamda O‘monning Voltamp Energy kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sayyid Ayman al-Busaydiy bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoy kompaniyalari bilan uchrashuvda qayta tiklanuvchi energetika, energiya saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va suv ta’minoti sohalaridagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, Andijon viloyatida logistika xabi tashkil etish, agrovoltaikani rivojlantirish va neft-gaz sohasidagi loyihalarni amalga oshirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
China Energy International kompaniyasi prezidenti Syao Syubin O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida uchrashuv juda samarali o‘tganini ta’kidlab, Shavkat Mirziyoyev CEEC kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalganini ma’lum qildi.
“Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiyani saqlash tizimlari va ishonchli elektr tarmoqlarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bizni Navoiy viloyatidagi suv tizimiga yangi sarmoya kiritishga chaqirdi”, — dedi u.
Syao Syubinning qayd etishicha, uchrashuvda vazirlar va bosh vazir o‘rinbosarlariga kompaniyani qo‘llab-quvvatlash hamda yangi loyihalarni tezroq amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.



Sinoma Energy Conservation kompaniyasi raisi Sinlin Men esa Navoiy viloyatida quyosh energiyasi va energiyani saqlash bo‘yicha kompaniyaning ilk loyihasi yakunlanganini ma’lum qildi.
“Uning natijalari haqida ma’lumot berganimizda, janob prezident mamnun bo‘ldi va kelgusida ham bizni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Biz O‘zbekistonga sarmoya kiritib, aholi hayotiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi u.
Bundan tashqari, O‘monning Voltamp Energy kompaniyasi bilan esa quyosh elektr stansiyalarini qurish va yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida kompaniya ishtirokidagi joriy va yangi loyihalarni “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Voltamp Energy direktorlar kengashi raisi Sayyid Ayman O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar kompaniyaning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish istagini kuchaytirganini ma’lum qildi. Kompaniya jamoasi O‘zbekiston va MDH mamlakatlaridagi kelgusi faoliyati bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqqan.
“Yangi texnologiyalarni olib kirish, mutaxassislar malakasini oshirish va ular bilan bog‘liq xizmatlarni rivojlantirishda ko‘mak so‘radim. Prezident bizni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, — dedi Sayyid Ayman al-Busaydiy.




Uning qayd etishicha, uchrashuv davomida mutasaddilarga kelishuvlarni yakunlash, dasturlarni amalga oshirishni tezlashtirish va buning uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Bu kompaniyaning O‘zbekiston va mintaqadagi rejalarini amalga oshirishiga turtki bo‘ldi.
Avvalroq Spot ACWA Power 2027-yilda O‘zbekistonga yana $3,5 mlrd investitsiya kiritishga kelishib olgani haqida yozgan edi.






