Asadbek Urunov Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan. Turin politexnika universiteti magistraturasini tamomlagan. Shu bilan birga, universitetda startaplar va innovatsiyalar bo‘yicha rektor maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.
U 2022-yilda hamkasblari bilan birgalikda Cosmos Innovation jamoasiga asos solgan. R&D yo‘nalishida ishlaydigan jamoa ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish hamda turli tashkilot va biznes vakillarining muammolariga texnologik yechimlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Shu vaqtga qadar 20 dan ortiq loyihani amalga oshirgan jamoa mudofaa, tibbiyot, aerokosmik injiniring, dron texnologiyalari va biznes uchun turli texnologik yechimlarni yaratgan.
Loyihalarda xorijiy analoglarga nisbatan arzonroq va sifat jihatidan raqobatbardosh muqobillar yaratishga e’tibor qaratiladi. Spot Asadbek bilan robo-doktor va kosmosga uchirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida suhbatlashdi.
Tibbiyotga qiziqishdan muhandislik sari
Bolaligimda shifokor bo‘lishni orzu qilganman. Maktabning yuqori sinflarigacha kimyo va biologiyani chuqur o‘rganib, fan olimpiadalarida ham faol qatnashganman.
Biroq 11-sinfning o‘rtalariga kelib, yo‘nalishimni o‘zgartirishga qaror qildim. Bolaligimdan ustalarga yordamlashish, texnika va maishiy buyumlarning ichki tuzilishini o‘rganish uchun ularni qismlarga bo‘lish odatim bor edi. To‘g‘ri, ularni qayta yig‘olmay uyidagilardan tanbeh eshitgan kunlarim ham ko‘p bo‘lgan.
Bu qiziqishim maktabni bitirayotganimda kasb tanlashimga ta’sir qilgan. Shifokorlikdan muhandislikka o‘tib, aniq fanlarni puxta tayyorlashga kirishdim va yakunda Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetiga o‘qishga kirdim.
Rasmda Asadbek Urunov. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Yo‘nalishimni o‘zgartirayotgan paytimda do‘stlarim e’tiroz bildirishgan bo‘lsa-da, uydagilarim qarshilik qilishmagan. Aksincha, meni qo‘llashgan. Chunki ular tibbiyot sohasining mashaqqati, shifokor bo‘lish uchun kamida 9 yil o‘qish kerakligini yaxshi tushunishardi.
Uydagilarim: “Muhandislikdan ketsang, o‘z ustingda ishlab, nisbatan tezroq natijaga erishishing mumkin”, deb aytishgan. Lekin keyinchalik injiniring va ixtirochilik sohasida ham natijaga erishish tez bo‘lmasligini tushundim. Ixtirolar-u startaplar tashqaridan qaraganda jozibador tuyulishi mumkin, biroq qiyinchiliklari ham ko‘p ekan.
R&D va yangi texnologiyalar ustida ishlashga oylar, hatto yillar ketadi. Minglab dollar ajratib, uzoq mehnat qilsangiz ham, meva berishi kafolatlanmagan. Mehnatingiz samarasi darhol ko‘rinmagach, buni yaqinlaringizga tushuntirish ham murakkablashadi. Shu sababli oilam va hatto jamoamiz ichida ham bu masalada ko‘p bor bahslashganmiz.
Ilk amaliy tajriba
Birinchi amaliy loyiham Fresh Energy deb nomlangan. Uni 2021-yilda ustozlarimiz bilan birgalikda ishlab chiqqanmiz. Bu elektromobillar akkumulyatorlarini issiq iqlim sharoitiga moslashtirishga mo‘ljallangan universal modul hisoblanadi.
O‘zbekistonda yoz oylarida havo harorati 40−45 darajagacha ko‘tariladi. Elektromobillarning akkumulyatorlari esa asosan 20−25 daraja atrofidagi mo‘tadil haroratda ishlashga mo‘ljallangan. Ayniqsa, arzonroq segmentdagi elektromobillarda yuqori harorat akkumulyatorning ishlash muddatiga ta’sir qiladi, ayrim holatlarda esa xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bu jarayondagi asosiy muammo akkumulyatorning xizmat qilish muddati qisqarishidir. Masalan, 10 yilgacha xizmat qilishi ko‘zda tutilgan akkumulyator issiq iqlim sharoitida 3−4 yilda yaroqsiz holga kelishi mumkin. Bu esa elektromobil egasi uchun katta qo‘shimcha xarajatga olib keladi. Chunki qiymati $30 ming atrofidagi avtomobilning qariyb uchdan bir qismi — $10 minggacha bo‘lgan summa akkumulyator narxiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
2021-yilda, O‘zbekistonda elektromobillar hali keng tarqalmagan paytda, shu muammoni o‘rganishni boshladik. O‘sha vaqtda bozorda asosan GM avtomobillariga raqobatchi sifatida arzonroq Xitoy modellari paydo bo‘layotgandi. Tadqiqotlarimiz natijasida elektromobillar akkumulyatorini issiq iqlim sharoitida ishlatishga moslashtiruvchi modul yaratdik.
Ushbu loyiha bilan respublika miqyosidagi TechnoWays texnologik rivojlanish marafonining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldik. Shuningdek, Fresh Energy loyihamiz Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubai Expo 2020 xalqaro ko‘rgazmasida ham taqdim etildi (Spot izohi, tadbir pandemiya sabab 2021-yilga o‘tkazilgan).
Bu loyiha bizning dastlabki amaliy ishlanmalarimizdan biri bo‘lgan. Keyinchalik shu tajriba asosida boshqa texnologik loyihalar ustida ham ishlay boshladik.
Birinchi o‘zbek robot-doktori
Body Tester, ya’ni birinchi o‘zbek robot-doktorini yaratish g‘oyasi dastlab ancha sodda edi. Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Olimjon To‘ychiyev ning (Spot izohi, 2024-yildan lavozimidan ozod etilgan.) qabuliga kirib, insonning faqat bo‘yi va vaznini o‘lchaydigan qurilma yasamoqchi ekanimni aytganman.
Tabiiyki, birinchi marta ularning yonlariga borganimda darhol qabul qilishmagan. O‘sha paytda bor-yo‘g‘i 2-kurs talabasi edim. Tayinli amaliy natijam yoki katta loyiham bo‘lmagani uchun shunchaki havas bilan yurgan yosh sifatida ko‘ringanman.
Lekin maqsadim qat’iy bo‘lgan. Agentlik binosida ularni roppa-rosa ikki kun kutdim. Nihoyat, yo‘lakda ularni ko‘rib qolib, imkoniyatni boy bermay darhol yonlariga bordim: “Assalomu alaykum! Menda istiqbolli bir g‘oya bor. Bir necha daqiqa vaqt ajratsangiz, taqdimot qilib berardim”, — dedim.



Foto: Asadbek Urunov / Instagram
Ular meni darhol xonalariga taklif qildilar. Kirib g‘oyamni taqdim etdim. Shunda Olimjon To‘ychiyev: “Xiyobonlarda kuchni o‘lchaydigan boks attraktsionlari bo‘lardi-ku, shunga o‘xshatib, sal murakkabroq va boshqa tibbiy funksiyalarni ham qo‘shib qiling”, deb yo‘nalish berganlar.
Qizig‘i, o‘shanda menga ishongan va loyihani boshlashimga yordam bergan ustozimiz bugun o‘zim tahsil olgan va hozir faoliyat yuritayotgan Turin Politexnika universitetining rektori. (Spot izohi, 2024-yildan Turin politexnika universitetiga rektor etib tayinlangan.)
Shundan so‘ng izlanishni boshladik. Qurilmaga insonning vazni, pulsi, qondagi kislorod darajasi, tana harorati va qon bosimini o‘lchash imkoniyatini qo‘shish degan xulosaga keldik. Loyihaga dastlabki sarmoyani ham aynan u kishidan qarz olib yaratdik.
2 kishidan 20 kishilik jamoagacha: $3 minglik ilk MVP
Dastlab 2 kishi edik. Men founder sifatida tashkiliy masalalar, injiniring, mablag‘ topish va loyiha menejmenti bilan shug‘ullandim. Ikkinchi a’zomiz Shohjahon Abdurahmonov esa co-founder va bosh dasturchi bo‘ldi.
Shohjahon bir paytlar o‘zimning ustozim bo‘lgan. O‘sha vaqtda u kishiga katta maosh taklif qila olmasdim. Shuning uchun Shohjahonni loyiha kelajagiga ishontirishga harakat qilganman.
Bugungi kunda esa Cosmos Innovation R&D markazimizda 20 nafardan ortiq yoshlar, muhandislar va ixtirochilar faoliyat yuritmoqda. Body Tester loyihasiga esa 10 nafarga yaqin mutaxassis jalb qilingan. Ularning 5−6 nafari doimiy, yana 3−4 nafari freelance asosida ishlaydi.



Foto: Javohir Esonboyev / Spot va Asadbek Urunov / Instagram
Robo-doktor ustida ishlaydigan jamoamizda vazifalar aniq taqsimlangan. Men loyiha rahbari va bosh muhandis sifatida investitsiya jalb qilish hamda operatsion jarayonlarni boshqaraman. Shohjahon Abdurahmonov dasturiy ta’minot uchun mas’ul. Elyor Sunnatov va Akobir Sheraliyev 3D-modellashtirish, korpus dizayni va konstruksiya bilan shug‘ullanadi. Behruz Mirzoqulov ta’minot va logistika, Akbarshoh Boymirzayev veb-platforma va dasturiy infratuzilma, Jahongir esa datchiklarni kalibrovka qilish, servis va texnik qo‘llab-quvvatlashga mas’ul.
Loyihani boshlaganimizdan keyin mablag‘ masalasi ham dolzarb bo‘lib qoldi. Dastlabki MVP’ni yaratishga taxminan $3 ming sarfladik. Lekin bu summani birdan kiritmaganmiz.
Pul topish uchun kichik injiniring loyihalarini tayyorlardik, turli tanlov va xakatonlarda qatnashib, mukofot pullarini yutib olardik. Talabalik stipendiyalarimiz hamda boshqa buyurtmalardan tushgan daromadni yig‘ib, muntazam ravishda shu ishlanmaga yo‘naltirardik.
Qurilmaning to‘liq ishlaydigan ilk versiyasini tayyorlagunimizcha umumiy xarajatlarimiz qariyb $20 mingga yetgan. Birinchi to‘liq versiyani yaratishga roppa-rosa bir yil vaqt ketgan. Shu davrda qurilmani ishlab chiqdik, takomillashtirdik va turli sinovlardan o‘tkazdik.
Umuman olganda, Body Tester ustida ish boshlaganimizga roppa-rosa 3 yil bo‘ldi.
Robot-doktor nimalarni o‘lchaydi?
Body Tester inson salomatligiga oid 6 ta asosiy ko‘rsatkichni aniqlaydi: bo‘y, vazn, puls, qondagi kislorod darajasi, tana harorati va qon bosimi. Shundan so‘ng tana vazni indeksi hamda ushbu ma’lumotlar asosida umumiy tavsiyalar beradi.
Ushbu maslahatlar xalqaro tibbiy standartlar va mavjud algoritmlarga asoslanadi. Vazifamiz shu standartlarni foydalanuvchi uchun tushunarli shaklga keltirish bo‘lgan.
Biroq tayyor xalqaro andozalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash har doim ham yetarli emasligini ko‘rdik. O‘zbekiston aholisining tana tuzilishi ko‘rsatkichlari boshqa davlatlardan farq qilishi mumkin. Shu sababli qurilmaning ayrim tizimlari hamda xulosalarini mahalliy sharoitga moslashtirish ustida ishladik.
Qurilma olingan natijalarni shunchaki ekranga chiqarib qo‘ymaydi, balki ehtimoliy xavflardan ham ogohlantiradi. Masalan, tana vazni indeksi juda yuqori bo‘lgan holatlarda yurak-qon tomir kasalliklari kabi xatarlar va ularning oldini olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar beradi.
“Bu qurilma bizning o‘rnimizni egallaydi”
Dastlab ayrim tibbiyot xodimlarida shunday xavotirlar bo‘lgan. Biz esa robot-doktor mutaxassisning o‘rnini bosmasligini, uning vazifasi birlamchi ko‘rsatkichlarni tezkor o‘lchab, shifokorlar ishini yengillashtirish ekanini tushuntirdik.


Birinchi o‘zbek robot-doktori va Asadbek. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Asosiy maqsadimiz — jamoat joylari va tibbiyot muassasalarida insonning asosiy sog‘liq ko‘rsatkichlarini qisqa vaqt ichida o‘lchash, navbatlarni kamaytirish va ma’lumotlarni raqamlashtirish.
Hozir ko‘p tarmoqli davolash maskanlari, oilaviy va xususiy shifokorlik punktlarida bemorning bo‘yi, vazni, qon bosimi, tana harorati, pulsi va qondagi kislorod darajasi alohida uskunalar yordamida aniqlanadi. Keyin bu natijalar ko‘pincha qog‘ozga yozilib, so‘ng kompyuterga kiritiladi. Bu jarayonda vaqt yo‘qotilib, inson omili sabab xatoliklar yuz berishi ham mumkin.
Body Tester ko‘rsatkichni taxminan bir daqiqada avtomatik aniqlab, ma’lumotlarni shifokor xonasidagi kompyuterga onlayn uzatadi. Mutaxassislarning ishonchini oshirish uchun apparatni bir nechta shifoxonaga olib borib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida sinab ko‘rdik. Shundan keyin tibbiyot xodimlaridan uning ishlashi va qulayligi bo‘yicha fikr-mulohazalar oldik.
Sertifikatlash jarayoni
Dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli davlat tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatishga harakat qildik. Ammo o‘sha paytda kutilgan darajada faol munosabat bo‘lmadi. Shu sababli ishni to‘xtatmasdan, asosiy e’tiborimizni xususiy sektor va mahsulotga qiziqish bildirgan tadbirkorlar bilan ishlashga qaratdik.
Umuman olganda, davlat tashkilotlari hamda ushbu qurilmaga ehtiyoji bor idoralar bilan integratsiya qilish, ular bilan til topishish qiyin. Hatto muayyan rahbarlar, vazirlar va undan yuqori darajadagi mutasaddilar tomonidan amaliy topshiriqlar berilgan bo‘lsa-da, real natija deyarli bo‘lmagan — bunday holatga o‘nlab marotaba duch keldik. Buni ochiq aytishdan qochmayman: ko‘p hollarda quruq so‘zlar bilan cheklanishadi. Biz esa o‘sha gaplarga ishonib, haftalab, kerak bo‘lsa oylab apparatni ularning talabiga moslashtirish ustida ishlaymiz. Lekin yakunda ko‘p tashkilotlar mahsulotni xarid qilmaydi.
Faoliyatini endi boshlayotgan yosh tadbirkor va startapchilarga maslahatim: bunday ishonchli ko‘ringan gaplarga ko‘r-ko‘rona uchmasdan, hamkorlikni darhol rasmiy shartnoma bilan muhrlash va faqat shartnoma shartlari bo‘yicha ish tutish zarar.
Aniqlik va xavfsizlik masalasida esa Turin Politexnika universiteti hamda boshqa bir qator oliy ta’lim muassasalarining Ilmiy-texnik kengashlaridan rasmiy xulosalar oldik. Ushbu hujjatlarda qurilmaning ishlash ko‘rsatkichlari qoniqarli ekani va tibbiy ma’lumotlarni aniqlash darajasi yuqori ekani qayd etilgan.
To‘liq tibbiy sertifikat olish uchun mahsulotni seriyali ishlab chiqarish bosqichiga olib chiqish talab etiladi. Yaqinda jalb qilingan venchur investitsiyalari hisobidan zamonaviy uskunalar xarid qildik. Endi mahsulotni davlat sertifikatsiyasidan o‘tkazib, uni bozorga kengroq olib chiqishni rejalashtiryapmiz.
Huquqiy va texnik xavflar
Robot qanchalik mukammal va aniq ishlamasin, jarayonda inson omili baribir saqlanib qoladi. Masalan, foydalanuvchi qon bosimini o‘lchash manjetini qo‘liga noto‘g‘ri taqishi, o‘lchash paytida harakatlanishi yoki jamoat joyida o‘rnatilgan qurilmaga tashqi shikast yetkazilgan bo‘lishi mumkin.
Bir vaqtning o‘zida o‘nlab jamoat joylaridagi qurilmalarni 100% lik texnik nazoratda ushlab turish murakkab vazifadir. Shu bois, huquqiy va tibbiy nuqtai nazardan eng maqbul va xavfsiz yechimni tanlaganmiz: apparat chiqaradigan har bir chek hamda hisobotning pastki qismida “Ushbu maʼlumot va tavsiyalar faqatgina axborot tusiga ega. Yakuniy diagnostika xulosasini chiqarish uchun albatta shifokor bilan maslahatlashing” degan aniq ogohlantirish ko‘rsatiladi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Bundan tashqari, har bir chekda va uskuna korpusida servis markazimizning doimiy aloqa raqamlari joylashtirilgan. Agar foydalanuvchida tekshiruv natijalarining aniqligiga nisbatan biror-bir shubha yoki savol tug‘ilsa, ullar darhol texnik ko‘mak xizmatimizga murojaat qilishlari yoki shifokor ko‘rigidan o‘tishlari mumkin.
Shuningdek, mijozlar xavfsizligining muhim bir qismi — bu ularning shaxsiy va tibbiy axborotlari daxlsizligidir.
Hozirgi bosqichda ushbu ko‘rsatkichlarni doimiy ravishda elektron bazada yig‘ish tizimini hali to‘liq joriy qilmaganmiz. Qurilma hozircha bir martalik tezkor diagnostika va tavsiya rejimida ishlamoqda, ya’ni fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari apparatning o‘zida saqlanib qolmaydi.
Ommaviy platformani birdaniga keng joriy etish o‘rniga, hozir kiberxavfsizlik va maxfiylikni himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganib, turli sinovlardan o‘tkazyapmiz. Tizimni tegishli davlat tashkilotlarining texnik talablari asosida takomillashtirish va ularning rasmiy xulosalarini olish ustida ham ish olib borilmoqda.
Kelgusida baza bilan ishlash bo‘yicha asosiy yechimimiz — ularni to‘liq anonimlashtirilgan shaklda shakllantirishdir. Tizimda foydalanuvchining ism-sharifi yoki pasport rekvizitlari asosida alohida shaxsiy sahifa yaratilmaydi, biroq umumiy tibbiy statistika yig‘ilib boradi. Bu usul bir tomondan aholining shaxsiy ma’lumotlarini ishonchli muhofaza qilsa, ikkinchi tomondan to‘plangan ko‘rsatkichlardan mamlakatdagi umumiy tibbiy tahlil va profilaktika uchun unumli foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Bir o‘lchov narxi 10−15 ming so‘m bo‘lishi mumkin
Davlat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi qiyinchiliklarga qaramay, Body Tester’ning B2B va B2G yo‘nalishidagi qurilmalari allaqachon ishlatilmoqda. Bugungi kunda robot-doktorimiz 30 ga yaqin davlat idoralari va xususiy tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, uskunalar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi va Bojxona qo‘mitasida o‘rnatilgan. Shuningdek, Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Turin Politexnika universitetida ham qo‘llanilmoqda. Xususiy sektorda esa Doctor Vision, DMC, Darmon Servis va Nanomed kabi klinika hamda tashxis markazlari apparatlarimizni xarid qilib, o‘z amaliyotiga joriy etgan.
Aholi foydalanishi uchun mo‘ljallangan ommaviy versiya ustida esa hali ish davom etmoqda. Unda bir martalik xizmat narxini taxminan 10−15 ming so‘m atrofida belgilashni rejalashtiryapmiz. Bu to‘lov evaziga foydalanuvchining asosiy tibbiy ko‘rsatkichlari aniqlanadi va olingan natijalarni yagona raqamli tizimda saqlash xizmati ham taqdim etiladi.
Biroq ommaviy ishlanmani bozorga chiqarishdan oldin maxfiy axborotlar xavfsizligi va manbalar bazasini saqlash bilan bog‘liq texnik masalalarni hal qilishimiz kerak. Shu sababli hozircha asosiy e’tiborimiz loyiha xavfsizligi va raqamli infrastrukturasini takomillashtirishga qaratilgan.
Qurilmaning narxi qancha?
Shu kungacha apparatning sotuv qiymati unga qo‘shilgan funksiyalar va buyurtmachining individual talablariga qarab 40−45 mln so‘m atrofida bo‘lib kelgan. Endi esa mahalliylashtirish darajasini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish hisobiga bu summani yaqin kunlarda yana 30% ga kamaytirishni rejalashtiryapmiz.
Bugungi kunda ishlanmamizning 60% dan ortiq qismi mahalliylashtirilgan. Uning asosiy va qimmat tarkibiy elementlari — tashqi korpusi, elektron platalari, ichki algoritmlari va dasturiy ta’minoti O‘zbekistonda ishlab chiqilmoqda.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Dastlab faqat apparatning tashqi karkasini mahalliy ishlab chiqarishdan boshlaganmiz. Bugunga kelib esa qon bosimini o‘lchash tizimining ayrim detallari va umumiy boshqaruv platalarini ham yurtimizda yig‘ish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Avval elektron platalarni Xitoydan tayyor holda olib kelardik. Endilikda Jizzaxda ish boshlagan PCB yig‘uvchi zavod bilan hamkorlik qilib, bu jarayonni ham O‘zbekistonga ko‘chirdik. Yaqinda jalb qilgan venchur investitsiyalar va mahalliylashtirish hisobiga qurilmaning tannarxini avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 40% ga kamaytirishga erishdik. Shu sababli kelgusida yakuniy narxni ham pasaytirib, mahsulotni ko‘proq mijozlarga taklif qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Loyihaga $100 mingdan ortiq investitsiya jalb qilingan
Umumiy hisobda shu kungacha $100 mingdan ziyod sarmoya kiritilgan. Biroq moliyalashtirishning dastlabki bosqichi oson kechmagan. O‘sha paytda mablag‘ni asosan angel investors va jismoniy shaxslardan qarz hamda xususiy moliya ko‘rinishida olganmiz. Bu esa keyinchalik ma’lum qarzdorlik va majburiyatlarni yuzaga keltirdi. Hozirga kelib, ushbu sarmoyaning katta qismini qaytardik.
Keyingi bosqichda esa professional investorlar hamda ta’lim muassasalari bilan ishlay boshladik. Startapimizga Yoshlar Venchur jamg‘armasi hamda Turin Politexnika universiteti mablag‘ ajratdi.
Universitetning loyiha rivojiga venchur tamoyillari asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritgani biz uchun muhim natija bo‘ldi. Turin Politexnika universiteti kompaniyamizning 1,5%, Yoshlar Venchur esa 3,5% ulushini xarid qilgan.
Investorlar avvalo founder’ga qaraydi
Investorlar va venchur jamg‘armalar uchun jozibador bo‘lishning eng muhim shartlaridan biri — asoschi o‘zi qilayotgan loyihani chuqur, hatto eng mayda detallarigacha tushunishi. Ayniqsa, texnologik loyihalarda founder mahsulotning qanday ishlashi, bozori va rivojlanish istiqbollarini aniq bilishi kerak.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Yana bir muhim jihat — jamoada tanlangan sohaning kuchli mutaxassisi bo‘lishi. Amaliyotda boshqa soha vakillari o‘zlariga notanish yo‘nalishdagi loyihalarni taqdim etayotgan holatlarga ko‘p duch kelamiz. Men injener bo‘lsam-da, tibbiyot yo‘nalishini ham chuqur o‘rganganman.
Qaysi yo‘nalishda startap qilmang, shu sohadagi yetuk ekspertni hammuassis yoki ulushdor sifatida jamoaga jalb qilish foydali. Bu sarmoyador uchun ham jamoaning tayyorgarlik darajasi bo‘yicha muhim signal bo‘ladi.
Software loyihalar nisbatan tezroq o‘sishi va yuqori baholarga chiqishi mumkin. Hardware'da esa ishlab chiqarish, logistika, servis va boshqa moddiy xarajatlar mavjud bo‘lgani uchun jarayon sekinroq kechadi. Shu sababli ayrim fondlardan: “Loyiha yaxshi, lekin bu Hardware. Agar uni Software modeliga o‘tkazsangiz, investitsiya kiritamiz”, degan javoblarni olganmiz.
Keyinchalik O‘zbekistondagi venchur fondlardan biri bunday murakkab loyihaga, aynan bizning ishlanmamizga sarmoya kiritdi. Ular menga: “Biz g‘oyaga emas, avvalo sizga — founder’ga, faolligingiz, bilimingiz va harakatingizga ishonyapmiz”, deb aytishgan.
Shundan tushundimki, investor uchun birgina g‘oya yetarli emas. Asoschining tajribasi, yo‘nalish bo‘yicha tushunchasi, muloqot va ishni oxirigacha olib borish qobiliyati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘zbekiston bozori bunday texnologik innovatsiyaga tayyormi?
Loyihani boshlagan dastlabki yillarda mamlakatimizda bunday uskunalarga talab hali shakllanmagandi. Hozir esa vaziyat o‘zgarmoqda. So‘nggi yillarda xorijda ishlab chiqarilgan shunga o‘xshash apparatlar ham mahalliy bozorga kirib kelmoqda. Bu esa yo‘nalishga qiziqish va ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda minglab potensial xaridorlar bilan ishlash imkoniyati bor, deb hisoblaymiz. Masalan, respublikada 10 mingdan ortiq shifoxona va oilaviy shifokorlik punktlari mavjud. Ularning bir qismida bemorlarning asosiy salomatlik ko‘rsatkichlarini tezkor aniqlash va bu axborotlarni raqamlashtirish uchun shunday ishlanmalarga ehtiyoj bor.
Xususiy shifoxonalarga ham Body Tester qiziq bo‘lishi mumkin. Uskuna bemorlarning birlamchi holatini avtomatik tekshirish va tizimga kiritishga yordam beradi. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish xizmat ko‘rsatish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Jarayon ortida: qarzlar va ishlamagan prototip
Yillar davomida ishlangan ayrim ishlanmalarimiz kutilgan natijani bermay, moliyaviy majburiyatlar to‘planib qoldi. Hatto talabalik davrimda universitet kontraktini to‘lashga qiynalgan paytlarimda ham ixtiro va ishlanmalarni moliyalashtirish uchun tanishlarim hamda do‘stlarimdan $10 minglab mablag‘ni olib turganman.
Ayrim g‘oyalar o‘xshamagani sababli qarzdorligimiz yanada ko‘paygan paytlar ham bo‘lgan. Keyinchalik bir nechta muvaffaqiyatli shartnomalar hisobiga bu summalarni yopdik. Bu tajriba menga g‘oyani o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqish va zarur bo‘lsa, undan voz kechish ham tadbirkorlikning bir qismi ekanini o‘rgatdi. Shundan keyin o‘zim uchun bitta qoida belgiladim: innovatsiyada g‘alabaga erishish uchun qoqilishlardan ham to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak.
Bunga eng yaqqol misol — Body Tester, ya’ni robot-doktor startapimiz. Dastlabki prototipni yaratishda ustozlarimiz ko‘magidan tashqari, qo‘shimcha moliyaviy yordam ham oldik. Ammo ish davomida bu mablag‘ yetmay qoldi va yana sarmoya izlashga majbur bo‘ldik.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Eng katta muammo esa birinchi prototip kutilganidek ishlamagani bo‘ldi. Natijada mahsulotni xarid qilmoqchi bo‘lgan ayrim mijozlar shartnomalarni bekor qildi, dastlabki investorlarning bir qismi esa loyihadan chiqib ketdi.
Shunga qaramay, loyihani to‘xtatmadik. Mijozlar va investorlar bilan vaziyatni ochiq muhokama qilib, majburiyatlarimizni bajarishga va qarzlarni qaytarishga harakat qildik. Qurilmani qayta ishlab, bir necha bosqichda takomillashtirdik.
Asta-sekin harakatlarimiz o‘zini oqlay boshladi. Tikilgan mablag‘lar va zimmamizdagi majburiyatlarning katta qismini uzishga erishdik.
Bu mashaqqatli mehnatlar ortida soham bo‘yicha 15 dan ortiq xalqaro va mahalliy tanlovlarda g‘olib bo‘ldim. 5 marta xalqaro ko‘rgazmalarda yangi ishlanmalarimiz bilan O‘zbekiston sharafini himoya qilganmiz. Sa’y-harakatlarimiz e’tirof etilib, Prezidentimiz tomonidan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Taqdimot va taqdirlash marosimida menga so‘z berilganda, davlatimiz rahbariga faoliyatim hamda Body Tester startapimiz haqida qisqacha so‘zlab berdim. Shuningdek, mamlakatimizda ixtirochilik va texnologiyalar rivojiga xalaqit berayotgan ikkita asosiy to‘siq bo‘yicha o‘z takliflarimni bildirdim.
Sherikchilikni boshidanoq hujjatlashtirish kerak
Loyiha davomida olgan eng katta saboqlarimdan biri huquqiy va moliyaviy savodxonlik bilan bog‘liq bo‘ldi. Ixtirochilar, innovatorlar, muhandislar va dasturchilar ko‘pincha texnik sohaga e’tibor qaratib, huquqiy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish masalasini ikkinchi o‘ringa qo‘yishadi.
Bizda ham investitsiyalarni og‘zaki kelishuv va shaxsiy ishonch asosida olish yoki sherikchilik shartlarini yozma ravishda rasmiylashtirmasdan ish boshlash holatlari bo‘lgan. Keyinchalik bunday kelishuvlar turli muammolarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun yangi startap boshlayotganlarga shoshilmasdan shartlarni oldindan yozma ravishda belgilab olishni tavsiya qilaman. Masalan:
- Ikki hamasoschi o‘rtasida kelishmovchilik chiqsa, yakuniy qarorni kim qabul qiladi?
- Loyiha, qurilma va dasturiy ta’minotga tegishli intellektual mulk huquqlari kimga tegishli bo‘ladi?
- Kompaniyadagi ulushlar qanday taqsimlanadi?
- Hamkorlardan biri loyihadan chiqsa yoki boshqa kutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, uning ulushi bilan nima bo‘ladi?
Bunday savollarga javobni ish boshlanganidan keyin emas, imkon qadar boshidanoq hujjatlarda belgilab qo‘yish kerak. Bu keyinchalik sheriklar o‘rtasida kelishmovchiliklar va huquqiy muammolarning oldini olishga yordam beradi.
Yaqin kosmosni zondlaydigan raketa va nanosputniklar ustida ishlayapmiz
Loyihalarimiz juda ko‘p. Masalan, stratosfera darajasida — yaqin kosmosni zondlash va monitoring qilish uchun mo‘ljallangan “Al-Beruniy” o‘quv raketasi, sputnik hamda nanosputnik tizimlari ustida ishlayapmiz.





Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Qolaversa, dron texnologiyalari bo‘yicha ham bir nechta loyihalarni amalga oshiryapmiz. Biroq hozircha ular haqida yetarlicha ma’lumot bera olmayman — loyihalar muvaffaqiyatli yakunlanib, ruxsat berilsa, albatta e’lon qilamiz.
Bundan tashqari, faoliyatimizning salmoqli qismini buyurtma loyihalar tashkil etadi. Ya’ni, boshqa kompaniyalar duch kelayotgan texnik va muhandislik muammolariga jamoamiz bilan birgalikda optimallashtirilgan yechimlar ishlab chiqamiz.
Body Tester’ni Markaziy Osiyo bozoriga olib chiqish rejalashtirilmoqda
Kelgusi uch yildagi asosiy maqsadimiz — O‘zbekiston tibbiyotining 90% dan ortiq qismini raqamlashtirishga hissa qo‘shish. Rejamizga ko‘ra, obuna modeli orqali foydalanuvchilarga o‘z tibbiy ko‘rsatkichlari va salomatligidagi o‘zgarishlarni sodda va tushunarli formatda kuzatib borish imkoniyatini yaratamiz.
Tizim muntazam ravishda profilaktik tavsiyalar berib, foydalanuvchini salomatligidagi ehtimoliy o‘zgarishlardan oldindan ogohlantirib boradi. Maqsadimiz — odamlar kasallik og‘irlashib, shifoxonaga murojaat qilishini kutib o‘tirmasdan, salomatligini muntazam nazorat qilishiga yordam berish.
Geografik kengayish bo‘yicha esa yaqin 3 yil ichida Markaziy Osiyo bozorini qamrab olishni, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga chiqishni rejalashtirganmiz.
Bundan tashqari, strategik maqsadlarimizdan biri xalqaro venchur fondlar va xorijiy sarmoyadorlardan yirik investitsiyalar jalb qilish. Bu mablag‘lar hisobiga Body Tester’ni rivojlantirib, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan texnologiyani xalqaro bozorlarga olib chiqmoqchimiz.



















