Avvaklroq Spot 11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani misolida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini o‘rganishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida yozgandi.
Videoselektorda Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamadjаnov barcha vazifalarni yagona zanjirning bo‘g‘inlari sifatida ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, investitsiyalarni jalb qilish yangi korxona va loyihalarni ishga tushirish, yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qilishi kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishsizlik va uning jinoyatchilik, oilalardagi maishiy nizolar kabi salbiy oqibatlarini ham kamaytirishga yordam beradi.
Mamadjаnovning ma’lum qilishicha, joriy yil uchun rejalashtirilgan $550 mlnlik investitsiyaning $383 mlni tumanga allaqachon jalb qilingan.
Yil oxirigacha yana $170 mln investitsiya jalb qilish kerak. Uning aytishicha, qolgan mablag‘ni jalb qilish uchun manzillari ko‘rsatilgan aniq loyihalar ro‘yxati allaqachon shakllantirilgan.
“Joylarga chiqib, mahallalarga kirib, odamlar bilan suhbatlashar ekanmiz, bu odamlarning ishsizligiga o‘zimiz sababchi ekanimizni ko‘ryapmiz. Chunki ishsiz fuqaroning uyiga borib, nega ishlamayotganini so‘rasak, uni kam maoshli ishga o‘zimiz joylashtirganimiz ma’lum bo‘ladi. U bunga chiday olmay yoki maoshidan qoniqmay, ishdan bo‘shagan yoki daromadini oshirishning boshqa yo‘llarini izlagan. Endi esa ushbu investitsiyalar hisobidan yuqori maoshli ishlarni taklif qilyapmiz”, — dedi Mamadjаnov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir tumanda 12 ming nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatda turibdi. Shu bilan birga, aholi bilan uchrashuvlar va joylardagi o‘rganishlar davomida ularning orasida norasmiy, ya’ni yashirin bandlikdan chiqarish zarur bo‘lgan fuqarolar ham borligi aniqlanmoqda.
“Toshkent shahrida ishsiz yoki kambag‘al odamlar borligini aytishga uyalaman. Bu vazifani yil oxirigacha 100% uddalashimga ishonaman”, — deya ishontirdi Uchtepa tumani hokimi.
Avvalroq Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov yil yakunigacha Buxoroda kambag‘allik va ishsizlik to‘liq tugatilishi haqida aytgandi.