Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Buxoro viloyatida kambag‘allik va ishsizlik darajasini 2% dan oshirmaslik ta’minlandi. Bu haqda viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2026-yil 1-yanvar holatiga viloyatda kambag‘allik darajasi 6%, ishsizlik darajasi esa 4,7% ni tashkil qilgan. O‘tgan davrda qabul qilingan farmon va qarorlar hamda ajratilgan mablag‘lar hisobiga ushbu ko‘rsatkichlar 2% dan oshmaydigan darajaga tushirilgan.
“Bugungi kunda biz oldimizga shunday maqsad qo‘ydikki, Buxoro viloyatida kambag‘allik va ishsizlikni davlat qaramog‘idan tashqari bo‘lgan aholi qismi o‘rtasida to‘liq tugatish majburiyatini zimmamizga olganmiz”, — dedi viloyat hokimi.
Zaripovning ta’kidlashicha, shu maqsadda viloyatning 13 ta tuman va shahrida shtablar tashkil etilgan. Ular tomonidan 516 ta mahallaga chiqilib, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ijtimoiy reyestr hamda mahalla “yettiligi” tomonidan aniqlangan ishsiz va kambag‘allar ro‘yxati shakllantirilgan.
Ushbu ma’lumotlar elektron platformaga kiritilib, fuqarolarni ishga joylashtirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Botir Zaripovga ko‘ra, ayni paytda Buxoro viloyatida 10 mingdan ortiq vakant ish o‘rni mavjud. Prezident tomonidan belgilangan vazifalar bilan kambag‘allik va ishsizlikni to‘liq tugatish bo‘yicha majburiyat olingan.
“Joriy yil yakuni bo‘yicha belgilangan vazifalar to‘liq viloyatimizda bajariladi”, — deya xulosa qildi hokim.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.
