9-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlari muhokama qilindi. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi xizmat turlarini tashkil etish mumkin. Biroq amalda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.

Shuning uchun kvartiralarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda ko‘p qavatli xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda har bir hududda to‘liq ishlatilmayotgan yoki bo‘sh turgan bino va yerlarni aniqlab, ularni yangi loyihalarga bog‘lash vazifasi ham qo‘yildi. Gavjum ko‘chalarda master-rejalar asosida tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish, tarixiy shaharlar va turizm mahallalarida ko‘chalarni “eski shahar” uslubida ta’mirlab, mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini ko‘paytirish topshirildi.

Qishloq joylarda eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish muhimligi qayd etildi. Bu orqali yerdan samarali foydalanish, hosildorlikni ko‘paytirish va qishloq aholisi uchun qo‘shimcha manba yaratish mumkinligi aytildi.

Ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh joylarni aniqlab, o‘zboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish, umumiy foydalanishdagi bolalar maydonchalari, sport va fitness hududlari, yashil maydonlar tashkil etish hamda ko‘chalarni yoritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilot binolarining bo‘sh xonalarida, asosiy xonalarning darsdan tashqari vaqtlarida yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda tillarga o‘qitish vazifasi belgilandi.

Yaqinda imzolangan Prezident farmoni bilan mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Unga tayinlangan mas’ul rahbar oldiga hokimlar, tuman idoralari, “mahalla yettiligi” va banklar faoliyatini yagona tizimda muvofiqlashtirish, ular yuritayotgan elektron platformalarni birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Endi mahallaga oid masalalar bo‘yicha “yettilik"ni muvofiqlashtiruvchi rahbarlar tomonidan alohida-alohida yig‘ilishlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha masalalar haftada bir marta Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida barcha rahbarlar ishtirokida muhokama qilinadi.

Davlat rahbari mahallalarda ishni to‘g‘ri tashkil etish, davlat siyosatini quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda joylardagi islohotlar shtabi, hududlar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari hamda mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.