Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgandi.

Yig‘ilishda ajratilgan kredit resurslaridan foydalanish samaradorligi tumanlar kesimida tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2,3 trln so‘mdan kredit ajratilgan. Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘ hisobidan 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan va bir kishiga o‘rtacha 78 mln so‘m to‘g‘ri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan, bir kishiga o‘rtacha 176 mln so‘m sarflangan.

Shuningdek, Qamashi va Piskent tumanlariga 1,1 trln so‘mdan kredit berilgan. Qamashida 28 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Piskentda bu ko‘rsatkich atigi 4,5 ming nafarni tashkil etgan. Piskentda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga 250 mln so‘m kredit sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xuddi shunday holatlar G‘uzor, Nishon, Muborak, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq va Farg‘ona tumanlari, shuningdek, Nurafshon, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ham kuzatilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda ayrim hudud rahbarlari qo‘lidagi mavjud resurslardan samarali foydalanib, aholini ish bilan ta’minlashga yetarli darajada e’tibor bermayotgani tanqid qilindi. Ular zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglamayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarda so‘nggi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingi, ya’ni 17%i faoliyatini to‘xtatgan. Shuningdek, banklardan kredit olib, biznesini yo‘lga qo‘ya olmagan 62 ming nafar fuqaro kreditlarini qaytarishda qiynalmoqda.

Buning sabablaridan biri sifatida mahalla darajasida “loyihaviy yondashuv” yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatildi.

Hozirda atigi 1 mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri ushbu yondashuv asosida ishlashni bilishi qayd etildi.


Avvalroq Spot lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olish imkoniyati berilishi haqida yozgandi.