Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqidiy baholandi.
Ularning aksariyati kimga kredit kerakligi, qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmasligi qayd etildi.
Bankirlar va hokim yordamchilari loyiha tayyorlashdan oldin hali ham “Garovi bormi?” degan savolni qo‘yayotgani tanqid qilindi.
Tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, kreditni qaytarish grafiklari esa biznes turiga moslashtirilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, mablag‘ni qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qiladi.
Shuningdek, inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi. Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1,37 trln so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 mlrd so‘m resurs mavjud.
Tuman shtablariga mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib, moliyalashtirish masalalarini mustaqil hal etish imkoniyati beriladi.
Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Spot kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlarga mikrokredit ajratish kengaytirilishi haqida yozgan edi.