Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
Hujjat bilan Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Xususan, O‘zbekistonda mikromoliyalash bozorida mikrokreditlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Buning uchun O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga 36 oydan oshmagan muddatga mikrokreditlar ajratiladi.
Loyiha doirasida mikromoliya tashkilotlariga maqsadli va qayta tiklanuvchi kredit liniyalari ajratish, kredit portfellarini qayta moliyalashtirish, kafolat taqdim etish hamda texnik ko‘mak ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Bunda kiritilgan investitsiyalar shartlari va muddatlari Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, kompaniyaning asoslangan buyurtmasiga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2028-yildan boshlab har yili Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada budjet ssudasi ajratiladi. Bu mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga taqdim etiladi.
Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari mikromoliya tashkilotlari, banklar hamda kompaniya ta’sischiligidagi Mikromoliyalash xizmatlarini rivojlantirish korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Avvalroq Spot tadbirkorlarga jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.