Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida moliyaviy jarimalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beruvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona, aniq va shaffof tartibini joriy etishga qaratilgan. Shuningdek, moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartibda ijro etish mexanizmlarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin bo‘ladi.

Qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘lar esa tadbirkorga o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishi kerak. Bu orqali tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada sud nazoratining samaradorligini oshirish va moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yengillashtirish belgilanmoqda. Bu tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasida tadbirkorlarni moliyaviy jarimadan ozod qilish yoki uni olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish ham taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan jarima summalarini qisqa muddatlarda qaytarish mexanizmi joriy etiladi. Mablag‘ni qaytarish kechiktirilgan taqdirda esa, foiz to‘lash tartibi belgilanadi.

Majlisda ushbu tartiblar huquqbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishni rag‘batlantirish hamda davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytirilishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.