Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Ochiq muloqotda prezident tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytirilishini ma’lum qildi.

Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimalardan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa — qo‘rqadi, qo‘rqsa — to‘laydi” kabi noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.

“Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak”, — dedi prezident.

Shuningdek, davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorlarning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi.

Shu bilan birga, kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi.

Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.

Bundan tashqari, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi marta qoida buzgan, biroq odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.


Avvalroq Spot eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun 25 ta davlatda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.