Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Ochiq muloqotda Shavkat Mirziyoyev eksport bozorlarida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va eksport hajmini oshirishga qaratilgan yangi choralarni ma’lum qildi.
“Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak”, — dedi prezident.
Davlat rahbari elchilarga yangi imkoniyat va bozorlar paydo bo‘lgan hududlarga tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Eksportning 60%i to‘g‘ri keladigan 20 ta davlat hamda istiqboli yuqori bo‘lgan yana 5 ta davlatda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularni ushbu bozorlarga eng ko‘p eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi.
“Eksport elchilari” savdo tarmoqlariga kirish, sertifikatlash va marketing masalalarida tadbirkorlarga ko‘maklashadi. Ularning xorijga borish-kelish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Shuningdek, eksportdagi muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha ham yengilliklar joriy etiladi. Yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bank hisobvarag‘iga valyuta mablag‘lari qo‘yilsa, bu eksport tushumi sifatida qabul qilinadi.
Shu bilan birga, tovar uchun to‘lov kelmagan taqdirda ham eksportga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi.
Invoys bo‘yicha 50% lik oldindan to‘lov talabi ham olib tashlanadi. Savdo uylari va distribyutorlar orqali eksportda valyuta tushumini ta’minlash muddati esa 180 kundan 365 kungacha uzaytiriladi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonlik eksportchilarning marketpleyslardagi xarajatlari 50% gacha qoplab berilishi haqida yozgandi.