Har yili yoz va qish mavsumlarida o‘nlab podstansiyalarda avariyalar sodir bo‘lib, yuzlab transformatorlar ishdan chiqmoqda. Joriy yilning iyun-iyul oylarining o‘zida qariyb 4 mingta avariya qayd etilib, buning oqibatida aholi va tadbirkorlar 8−10 soatgacha elektr ta’minotisiz qoldi. Elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlar ham ko‘paydi. Xususan, 16-iyul kuni Toshkent shahrida yuz bergan uzilishlar sabab 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi.
Mazkur muammolar 27-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham keskin tanqid qilindi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, energetika sohasiga $23 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilib, umumiy quvvati 9,5 GVt bo‘lgan yangi elektr ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirilgan. Natijada mamlakatning elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ichki ehtiyojini to‘liq qoplay oladigan salohiyat yaratilgan.
“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!”, — dedi prezident.
Yig‘ilishda boshqaruvdagi kamchiliklar va mas’uliyat yetishmasligi oqibatida yuzaga kelayotgan elektr uzilishlaridan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi ekani ta’kidlandi. Mazkur muammolar ortidan prezident farmoni bilan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Sherzod Xodjayev energetika vaziri etib tayinlandi.
Spot yozning issiq kunlarida elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar biznesga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini o‘rganish uchun tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Ular elektr uzilishlari oqibatlari, biznesni uzluksiz davom ettirish uchun ko‘rilayotgan choralar hamda mavjud muammolar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:
Elektr uzilishlari biznesga qanday ta’sir qilmoqda?
“Bizga konditsioner va muzlatkichlar 24 soat ishlashi kerak. Aks holda gullar so‘lib qoladi, mijozga sifatsiz mahsulot yetib boradi. Natijada norozilik ko‘payib, mijozlarni yo‘qotamiz”, — deydi gul do‘koni egalaridan biri.
Respondentlarning aksariyati yozning issiq kunlarida elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar sezilarli darajada ko‘payganini qayd etdi. Ularning aytishicha, kun davomida elektr energiyasining bir necha bor o‘chishi savdo va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini izdan chiqarib, ayrim hollarda mahsulotlarning buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, ayrim tadbirkorlar elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar ularning faoliyatiga jiddiy zarar yetkazmayotgani, ish jarayonlari deyarli odatdagi tartibda davom etayotganini ta’kidladi.
Tadbirkorlar qanday choralar ko‘rmoqda?
Elektr uzilishlari oqibatlarini kamaytirish uchun tadbirkorlar turli choralarni qo‘llayotganini aytishmoqda. Ba’zilari elektr qayta berilgunga qadar uskunalarni o‘chirib qo‘yish, muzlatkichlarni imkon qadar ochmaslik yoki mahsulotlarni zaxira sovutish qurilmalariga joylashtirishga harakat qilayotganini bildirdi.
Ayrim biznes vakillari generatorlardan foydalanayotgani, boshqalari esa kelajakda quyosh panellari yoki zaxira elektr ta’minoti tizimlarini o‘rnatishni rejalashtirayotganini qayd etdi.
“Avvalo xavfsizlik nuqtai nazaridan yong‘in chiqishining oldini olishga harakat qilamiz”, — deydi respondentlardan biri.
Shu bilan birga, respondentlarning bir qismi elektr uzilishlari barcha hududlarda bir xil emasligini ta’kidladi. Ayrim tadbirkorlar faoliyatida uzilishlar deyarli sezilmayotganini aytsa, boshqalari elektr energiyasiga to‘liq bog‘liq bo‘lgan xizmatlar va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida bunday holatlar moliyaviy yo‘qotishlar hamda mijozlar ishonchining pasayishiga olib kelayotganini bildirdi.