Bir haftada o‘zbekistonliklarning elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlari ko‘paydi. Bu haqda Prezident xalq qabulxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yil 13−19-iyul kunlari davomida fuqarolardan jami 19,89 mingta murojaat kelib tushdi. Ularda 21,28 mingta masala ko‘tarilgan. Shu bilan birga, 2976 ta takroriy hamda 391 ta jamoaviy murojaat qayd etilgan.

Aholi eng ko‘p bola nafaqasi (1750 ta) va aliment undirish (1049 ta) masalalari yuzasidan murojaat qilgan. Bu yo‘nalishlar avvalgi haftalardagi kabi dolzarbligicha qolmoqda.

Shuningdek, anomal issiq fonida elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan: elektr uzilishlari bo‘yicha 1012 ta, elektr obyektlarini ta’mirlash yuzasidan esa 356 ta murojaat kelib tushgan.

Bundan tashqari, gaz ballonlari (844 ta), huquqbuzarliklar (416 ta), surishtiruv va tergov (376 ta) hamda bir martalik moddiy yordam (359 ta) masalalari bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar qayd etilgan.

Eng ko‘p murojaat kelib tushgan tashkilot Ijtimoiy himoya milliy agentligi bo‘ldi. O‘tgan haftada idoraga 3432 ta murojaat jo‘natilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Energetika vazirligi (2950 ta) hamda Ichki ishlar vazirligi (2063 ta) turibdi.

Shuningdek, bu davrda Majburiy ijro byurosiga 1880 ta, Bosh prokuraturaga 1125 ta va Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1068 ta murojaat kelib tushgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan bir oy oldin 7 mlrd kVt·soat yashil energiya ishlab chiqargani haqida yozgan edi.