01

Nega ko‘chmas mulkni tekshirish kerak?

O‘zbekistonda noqonuniy qurilishlar soni ortmoqda. 2024-yilda mamlakat bo‘ylab qonunchilikni buzgan holda qurilgan 2 mingga yaqin obyekt aniqlangan. O‘tgan yilning yozida birgina Toshkent shahrining o‘zida Sergeli City, Uchtepa City va Strong Cities singari 60 dan ortiq loyiha qurilishi to‘xtatib qo‘yilgandi.

02

Yangi qurilgan uyni qanday tekshirish mumkin?

Respublika urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish markazining saytida mamlakatda qurilayotgan barcha obyektlar aks ettirilgan interaktiv xarita mavjud.

Bunda har bir obyekt aniq manzilga biriktirilgan bo‘lib, unga qurilish bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar va hujjatlar kartochkasi ilova qilinadi. Ushbu platforma orqali kadastr ma’lumotlari bo‘yicha yangi qurilgan uylarni qidirish, hududlardagi obyektlarni ko‘rish va ularning qaysi seysmik zonada joylashganini tekshirish mumkin.

03

Xaritadan qanday foydalaniladi?

Chap paneldagi “Qurilish obyektlari” bo‘limini ochib, ikkita variantdan birini tanlash kerak: “Qurilish jarayonidagi obyektlar” yoki “Qurilishi yakunlangan obyektlar”. Xaritada uch xil rangdagi belgilar paydo bo‘ladi: ko‘k, qizil va qora. Shuningdek, o‘ng oynada mamlakat bo‘yicha umumiy ma’lumotlar: jarayonda, to‘xtatilgan yoki muzlatilgan qurilishlar soni aks etadi.

Aniq bir binoni batafsil ko‘rish uchun xarita miqyosini kattalashtirib, qiziqtirgan obyektni topish mumkin.

ko'chmas mulk, tekshirish, yangi qurilgan uy

04

Xaritadagi ranglar nimani anglatadi?

Foydalanish qulay bo‘lishi uchun barcha obyektlar ranglar bo‘yicha ajratilgan: to‘xtatib qo‘yilgan obyektlar qizil rangda, qurilishi muzlatilganlari qora rangda, qurilayotganlari esa ko‘k rangda aks ettirilgan.

ko'chmas mulk, tekshirish, yangi qurilgan uy

05

Xarita yordamida yana qanday maʼlumotlarni aniqlash mumkin?

Xaritada obyektni tanlab, qurilish qaysi bosqichda ekanini, obyektning aniq joylashuvini, buyurtmachi va quruvchi kimligini hamda qurilishning taxminiy tugash sanasini ko‘rish mumkin. Shuningdek, u yerda binoning qavatlar, bloklar va xonadonlar soni tavsiflari ham ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, unda qurilish bilan bog‘liq barcha hujjatlar: arxitektura-shaharsozlik kengashining xulosasi, ekspertiza xulosasi, obyektning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ko‘chirma ilova qilingan.

ko'chmas mulk, tekshirish, yangi qurilgan uy

06

Xaritadagi QR-kod nima?

Har bir obyektda QR-pasport mavjud bo‘lib, unda qurilishga ruxsat berilgan sana, loyihachi va pudratchining ma’lumotlari, obyekt zarur ekspertizalardan o‘tgan-o‘tmaganligi, arxitektura-shaharsozlik kengashi tomonidan qanday qarorlar qabul qilinganligi va ishlarni yakunlash muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan.

ko'chmas mulk, tekshirish, yangi qurilgan uy

07

Qurilish kompaniyasini tekshirsa bo‘ladimi?

Quruvchi kompaniyani va uning loyihalarini davlat platformalari orqali tekshirish mumkin. Xususan, 2021-yildan buyon Qurilish vazirligi huzurida qurilish tashkilotlarining reyting.mc.uz onlayn-reytingi faoliyat yuritmoqda.

Qurilish kompaniyasining ishonchliligi bir nechta mezonlar asosida belgilanadi: tashkilotning bozordagi ish tajribasi, uning moliyaviy ko‘rsatkichlari, tayyor bo‘lgan obyektlarning sifati va texnik bazasining holati. Ushbu baholash natijalariga ko‘ra quruvchiga reyting beriladi.

Ishonchlilikning eng yuqori darajasi AAA indeksi bilan belgilanadi: bu investorlar va mijozlar uchun xatarlar minimal ekanini ko‘rsatadi. Eng pasti esa DDD bo‘lib, u yuqori darajadagi xatar va past ishonchlilikdan dalolat beradi.

Aynan shu ishonchlilik ko‘rsatkichi xaritada ham aks ettiriladi. Uni tanlangan obyektning kompaniya nomi tagida ko‘rish mumkin.

08

Bu platformalarga qay darajada ishonish mumkin?

Ushbu ikkala resurs ham rasmiy idora — Qurilish vazirligi tomonidan ishga tushirilgan va yuritib boriladi. Interaktiv xarita obyektning oddiy nomidan tortib to qurilish hujjatlarigacha bo‘lgan juda katta hajmdagi tasdiqlangan ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, xaritalarda ishlarning real holatini aks ettiruvchi qurilish maydonlaridan olingan eng so‘nggi fotosuratlar ham e’lon qilinadi.

Ko‘chmas mulk sotib olishga qaror qilishdan oldin, avvalo, tanlangan loyihaning to‘xtatib qo‘yilmaganini xaritadan tekshirish va berilgan ruxsatnomalarni batafsil o‘rganish foydalidir. Onlayn reyting esa qurilish tashkilotining ishonchliligi haqida umumiy tasavvur beradi.

Har ikkala vosita ham xavf-xatarlarni tahlil qilish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi, biroq ular xarid qilishda yagona mezon bo‘lib qolmasligi kerak.