Avvalroq Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shahar aholisi ulushi 50% dan oshdi va kelgusi yillarda mazkur ko‘rsatkich yana o‘sishi kutilmoqda. Aholi soni va qurilish sur’atlari ortib borayotgani shaharsozlik rejalarini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish, yashil hududlarni saqlash, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, muhandislik va transport infratuzilmasini uyg‘un rivojlantirishni talab qilayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda mamlakatdagi 8 604 ta aholi punktidan 2 506 tasi yoki 29%i bosh rejalar bilan qamrab olingan. 2026-yilda yana 154 ta, 2027-yilda esa 144 ta aholi punkti uchun bosh rejalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mavjud bosh rejalarning 1 44 tasi elektron shaklga o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, alohida hududlarni rivojlantirish bo‘yicha 2024−2025-yillarda 275 ta master-reja ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ularning yagona hisobi yuritilmagan, bosh rejalar bilan o‘zaro bog‘lanmagan.
“Bu esa hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilma, transport, muhandislik tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarni uyg‘un rejalashtirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan bosh reja va master-rejalar bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi.
Unga ko‘ra:
- birinchi bosqichda — bosh rejalar bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq jamlanadi va aktuallashtiriladi;
- ikkinchi bosqichda — raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi;
- uchinchi bosqichda monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- to‘rtinchi bosqichda kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.
Bu jarayonda shaharsozlik hujjatlarining yagona elektron reyestri yuritiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi belgilanadi. Urbanizatsiya markaziga shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritish, kompleks qurilish jarayonlarida topogeodeziya ishlarini muvofiqlashtirish va hududiy arxitektura-rejalashtirish kengashlarining faoliyatini uslubiy ta’minlash kabi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.
Urbanistika, geodeziya, kadastr, loyihalash, aglomeratsiyalarni boshqarish va geoaxborot tizimlari bilan ishlay oladigan o‘rta va oliy bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj ortib borayotgani ta’kidlandi.
Shu maqsadda Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumini Urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi sifatida qayta tashkil etish taklif qilindi. Unda o‘rta bo‘g‘in uchun o‘lchovchi mutaxassislar, kadastr va geodeziya, kompyuter grafikasi dizayn operatorlari hamda kompyuter kadastr dasturlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Oliy ta’lim tizimida Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish” fakultetini ochish rejalashtirilgan.
Barcha hududlarda urbanistika, loyihalashtirish va arxitektura yo‘nalishlarini bir joyda jamlaydigan kreativ parklar tashkil etish ham taklif qilindi.
Ularda laboratoriyalar, konstruktorlik ustaxonalari, dasturiy ta’minot, loyihalash xizmatlari, onbording, netvorking va kovorking maydonlari tashkil etiladi. Kreativ park rezidentlariga jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar, qurilish muddatlarining sun’iy ravishda uzaytirilishi, yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish kabi muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Amaldagi jarimalar ta’sirchan emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 2025-yilda 1 952 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif qilindi.
Yil boshida Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov o‘tgan yili qurilishi rejalashtirilgan 2559 ta hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta uy-joy o‘rganilganini ma’lum qilgandi. Natijada 1 434 ta uy-joy ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani, 185 ta bino-inshootda esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavat qo‘shilgani aniqlandi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni renovatsiya qilinishi haqida yozgan edi.