Avvalroq prezident 28-avgust kuni davlat mulkini xususiylashtirish sohasiga yangi mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda yirik va strategik korxonalarni xususiylashtirishda davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqini (“oltin aksiya”) saqlab qolish amaliyoti joriy etiladi. Bu huquq prezidentning alohida qarorlari asosida qo‘llanadi.
Davlatning vaqtinchalik maxsus ishtirok etish huquqi xususiylashtirish boshlanishidan oldin majburiy e‘lon qilingan holda, “milliy xavfsizlik, ijtimoiy barqarorlik va aholi manfaatlarini himoya qilish” maqsadida qo‘llanadi.
Yirik oliy ta‘lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi. Ularning faoliyatiga xususiy investorlar, jumladan, aksiya paketlarini ommaviy savdolarga chiqarish orqali jalb etiladi.
1-oktyabrdan boshlab davlat ulushi 50% dan oshadigan kompaniyalarning aksiyalariga bo‘lgan huquqlar hisobini Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yuritadi. Yangi tartib ushbu kompaniyalarning sho‘ba tuzilmalariga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, shu sanadan e‘tiboran “raqobat muhiti shakllangan” sohalarda davlat budjetidan moliyalashtirilmaydigan yangi davlat muassasalarini tashkil etish taqiqlanadi. Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi muassasalar, shuningdek, prezident qarorlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Davlat ishtirokidagi kompaniyalarning muassasa maqomiga ega bo‘lgan barcha nomutaxassis tuzilmalari bosh korxonalar tarkibidan chiqarilib, savdolarga qo‘yilgan holda qayta tashkil etiladi.
1-dekabrga qadar tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasalarini xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish topshirildi. Bu talab boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki tijorat masalalari bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni bajaruvchi tashkilotlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Spot, avvalroq, banklar balansidagi ko‘chmas mulk xaridorlariga soliq imtiyozlari berilishi haqida yozgandi.