Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni davlat mulkini xususiylashtirish sohasiga yangi mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Farmon davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, investorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Hujjat bilan ko‘chmas mulk, yer uchastkalari va korxonalardagi ulushlarni xususiylashtirishning yangi dasturi tasdiqlandi.

Savdoga qo‘yiladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trln so‘mni tashkil etadi. Yil oxirigacha ularni sotishdan kamida 14 trln so‘m tushum kutilmoqda.

Dastur doirasida xaridorlarga 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari taklif etiladi. Investorlar tadbirkorlik va shaharsozlik obyektlari uchun umumiy maydoni qariyb 8 ming gektar bo‘lgan 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va yer uchastkasini xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Avval sotilmagan 84 ta obyekt 1 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan takroriy savdolarga chiqariladi.

Farmonda, shuningdek, biznes takliflari asosida sotishning yangi mexanizmlari ham ko‘zda tutilgan. Mulkni xarid qilishda oldindan to‘lov amaldagi 35% dan 15% gacha kamaytiriladi, qolgan summaga esa foiz hisoblanmaydi.

Yirik bitimlar uchun qo‘shimcha qulayliklar nazarda tutilgan. Xaridorlar oldi-sotdi shartnomasi imzolangandan so‘ng bir oy o‘rniga olti oy ichida aktiv qiymatini to‘liq to‘lasa, 25% lik chegirmaga ega bo‘ladi.

Foizsiz bo‘lib to‘lash muddatlari uzaytiriladi. Lot qiymatining 35% ini 3 oy ichida to‘lagan investorlar qolgan qismini besh yil davomida to‘lash huquqini qo‘lga kiritsa, narxning 50% ini 6 oy ichida to‘lagan taqdirda ularga yetti yilga bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Agar aktiv sotuvga qo‘yilganidan keyin uch oy ichida sotilmasa, uning narxi bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Bundan tashqari, savdolar davomida narxni tushirish va oshirishni birgalikda qo‘llash imkonini beruvchi “gibrid auksion” mexanizmi joriy etiladi.

Yangi mexanizmlar va imtiyozlar ham davlat mulkini, ham davlat ulushi mavjud banklar balansidagi aktivlarni sotishda qo‘llaniladi.

Yer uchastkalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Farmonda ularni muhandislik tarmoqlariga ulanish uchun oldindan tayyorlangan ruxsatnomalar va texnik shartlar bilan “tayyor paket” tamoyili asosida sotish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yirik davlat oliy ta‘lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish rejalashtirilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi davom etayotgani haqida yozgandi.