Toshkentda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda. Bu haqda Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktor o‘rinbosari Feruz Sultonov brifingda ma‘lum qildi.
Ommaviy baholash ko‘p sonli ko‘chmas mulk obyektlarining qiymatini bir vaqtning o‘zida aniqlashning raqamli usuli hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlaridan biri respublikadagi 9 mln dan ortiq turar va noturar joy hamda qariyb 8 mln yer uchastkasining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlashdir.
Shuningdek, ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, garovga qo‘yish yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda aniqlanadigan qiymatlari o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta‘minlash, ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha muntazam yangilanadigan ma‘lumotlar bazasini yaratish hamda soliq solishda adolatlilik tamoyilini kengroq joriy etish ko‘zda tutilgan.
Mulkdorlar o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymatini davreestr.uz yoki my.gov.uz orqali ko‘rishi hamda baholash natijasi yuzasidan munosabat bildirishi mumkin.
Bunda munosabat bildirish majburiy emas va hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Biroq mulkdor munosabat bildirmasa, baholash natijasi qayta ko‘rib chiqilmaydi va o‘zgarishsiz qoladi.
“Mulkdorlar tomonidan bildirilgan har bir munosabat Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan atroflicha o‘rganiladi”, — dedi Sultonov.
Baholash uchun dastlab ko‘chmas mulk bozori haqidagi ma‘lumotlar to‘planib, tahlil qilinadi. O‘xshash obyektlar orasidan namunaviy obyekt aniqlanib, hududlar narx bo‘yicha zonalarga ajratiladi.
Shundan so‘ng narxga ta‘sir qiluvchi omillar hisobga olinib, obyektlarning bozor narxiga yaqin qiymati aniqlanadi. Biroq bunda ko‘chmas mulkning haqiqiy ta‘mir holati hisobga olinmaydi. Amaldagi uslubiyatga ko‘ra, barcha obyektlarning ta‘mirlanganlik holati “o‘rta” deb qabul qilinadi.
Ommaviy baholash uchun mulkdorlardan alohida haq undirilmaydi. Baholash ishlari davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Sultonov ommaviy baholash natijasida ayrim obyektlarning qiymati 7−15 baravarga oshgani soliqlar ham shuncha ko‘payishini anglatmasligini ta‘kidladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, turar joylar uchun mol-mulk solig‘i bazasi kadastr qiymati asosida belgilanadi. Shu sababli ommaviy baholash orqali aniqlangan qiymat hozircha hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.
“Ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatni soliq stavkasi yoki soliq summasi bilan tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi”, — dedi Sultonov.
Toshkent bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi yakunlanib, “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingach, soliqqa tortish masalasi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi va tadbirkorlar manfaatlari, ijtimoiy himoya hamda iqtisodiy vaziyat hisobga olinadi.
Ommaviy baholash bosqichma-bosqich butun respublikada amalga oshiriladi. Jarayon 2025−2026-yillarda Toshkent shahrida, 2026−2027-yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2027-yildan esa respublikaning qolgan hududlarida o‘tkaziladi.
Shuningdek, ommaviy baholash orqali aniqlangan qiymat ko‘chmas mulkni sotishda majburiy narx hisoblanmaydi. Oldi-sotdi shartnomasida obyektning bozor narxiga yaqin deb baholangan qiymatini ko‘rsatish talab etilmaydi.
Avgust oyida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari joriy etilgandan so‘ng, mulkdorlarga yuklanadigan soliq yuki obyektlarning baholangan qiymati o‘sishiga mutanosib ravishda oshmasligi kerakligini taʼkidlagandi.
Spot, avvalroq, tadbirkorlar uchun yer va ko‘chmas mulk ijarasida yangi tartib joriy etilishi haqida yozgandi.