Avvalroq Spot 3-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov 2026-yilning qolgan davrida viloyatda 20 mingga yaqin oila kambag‘allikdan chiqarilib, 39 ming nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanishini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 ko‘rsatuvida so‘z boradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 4 yilda Xorazmdagi 509 ta mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash uchun 12 trln so‘m ajratilgan. Joriy yilning o‘zida bu maqsadlarga 6 trln so‘m yo‘naltirilgan. Shuningdek, 164 ming nafar jismoniy va yuridik shaxsga 5 trln so‘mlik kredit ajratilgan.

Natijada viloyatda 33 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 20 mingta mikroloyiha amalga oshirildi, 11 mingta xonadonga loyiha paketlari taqdim etildi. Kambag‘allik darajasi 3,9% gacha, ishsizlik esa 10% dan 4,5% gacha tushirildi. 95 ta mahalla to‘liq kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylangan.

Rahimov prezidentning avgust oyidagi viloyatga tashrifi davomida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar asosida iqtisodiy kompleks xodimlari tomonidan ikki hafta davomida tahlillar o‘tkazilganini qayd etdi.

“Bir narsani ochiq aytishim kerak, siz kelib 81 ming, 39 ming deganingizda, to‘g‘risi, o‘zimiz ham buni tushunmadik. Qo‘limizda bu raqam yo‘q edi, keyin uning ichiga kirib, birma-bir, mahallama-mahalla yurib, bu raqamlarni aniqladik”, — dedi u.

Tahlil davomida 81 ming nafar fuqaroning holati o‘rganilib, ularning 59 ming nafari mehnatga layoqatsiz, 5 737 nafarining jon boshiga daromadi 715 ming so‘mdan kam, 16 300 nafari esa ishsiz va rasmiy daromadga ega emasligi aniqlandi. “Biz ishlashimiz kerak bo‘lgan aniq fuqarolarimiz 22 ming nafarni tashkil qilyapti”, — dedi hokim.

Jo‘rabek Rahimov avval kambag‘al oilalar bilan ishlashga asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endilikda oilaning har bir a’zosi bilan alohida ishlash va ularning qayta kambag‘allikka tushib qolishining oldini olish kerakligini ta’kidladi. Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar bilan to‘g‘ri ishlashish orqali bu vaziyatdan chiqib ketish mumkin edi.

“Ming afsuski, ko‘pchilik hokimlar tadbirkorlar bilan to‘g‘ri ishlay olmadilar. Hozir viloyatimizda 42 ming nafardan ziyod tadbirkorlarimiz bor. Agar ular bilan to‘g‘ri ishlab, bugungi yaratilgan sharoitlardan, imkoniyatlardan foydalanadigan bo‘lsak, bizlarga bu keragidan ortiq ishchi o‘rnini bemalol yaratib berishi mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Shuningdek, Rahimov viloyat ixtiyorida uchta “daftar” doirasida 58 mlrd so‘m, yangi imtiyozlar hisobidan 261 mlrd so‘m va banklarda tadbirkorlik uchun 2,3 trln so‘m resurs — jami 2,6 trln so‘m mablag‘ mavjudligini, bu mablag‘larni yilning qolgan 4 oyida ishga solish mumkinligini ta’kidladi.

bandlik, jo‘rabek rahimov, kambag‘allik, prezident, shavkat mirziyoyev, xorazm

“Bu bilan bemalol bizdagi qolgan 20 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarishimiz kerak. Yana 39 ming nafar fuqaroni doimiy ishga joylashtirish hamda 66 ming nafar aholining daromadini oshirishimiz uchun ham shu mablag‘ hozirning o‘zida yetadi, hurmatli prezident”, — dedi u.

Xorazm viloyati hokimi yirik loyihalar uchun ham kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlanganini aytdi. Xususan, Arabistonlik investorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihaga 5 ming, Slovakiya kompaniyasi loyihasiga esa 2 500 nafar ishchi kerak bo‘ladi. Ushbu korxonalar o‘zlari uchun texnikum tashkil etib, zarur mutaxassislarni oldindan tayyorlashni rejalashtirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Jo‘rabek Rahimovga viloyat hududlaridagi hokimlarga bosh bo‘lish, 24 soatlik ish rejimiga o‘tish va yil yakunigacha mavjud imkoniyatlardan qanday foydalanish mumkinligini amalda ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.