2027-yildan O‘zbekistonda liftlarni ro‘yxatga olish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va xavfsiz foydalanish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Bu hukumatning 22-oktabrdagi 588-son qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, liftlarni ro‘yxatga olish, texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalarini tuzish va bekor qilish, xizmat natijalarini qayd etish “Xavfsiz lift” yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Liftlar bepul ro‘yxatga olinadi. Dastlabki texnik ko‘rikdan ijobiy o‘tgan lift ikki ish kuni ichida ro‘yxatga olinib, buyurtmachiga QR-kodli ma’lumotnoma yuboriladi.

Bino boshqaruvchilari liftlarga har oyda kamida bir marta texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi shart. Lift kabinasida uning identifikatsiya raqami, ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi QR-kod, shuningdek, bino boshqaruvchisi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning aloqa ma’lumotlari bo‘lishi kerak.

Yo‘lovchi tashiydigan liftlarda qurilish materiallari va chiqindilarini, lift o‘lchamlariga mos kelmaydigan buyumlarni, shuningdek, portlovchi, tez alangalanadigan, radioaktiv va o‘ta zaharli moddalarni tashish taqiqlanadi. Elektron platforma orqali xarid qilinmagan va o‘rnatilmagan liftlar hamda ehtiyot qismlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘rnatilgan har bir liftga kamida uch yil kafolat beriladi. Kafolat muddati davomida ta’mirlash va lift qismlarini almashtirish 15 kundan oshmasligi kerak.

Foydalanish taqiqlanganini bildiruvchi qizil yorliq bilan belgilangan liftga texnik xizmat ko‘rsatilmaydi. Bu davrda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bino boshqaruvchisidan oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.

Texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestriga kiritilish onlayn xabarnoma yuborish orqali bepul amalga oshiriladi. Qaror 2027-yildan kuchga kiradi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda qariyb 5 mingta liftning foydalanish muddati o‘tgani haqida yozgan edi. 2030-yilgacha mamlakatdagi jami 4 953 ta liftni ta’mirlash va yangilash rejalashtirilgan.