O‘zbekistonda birinchi islomiy moliya standarti — Murobahani joriy etish taklif qilinmoqda. Markaziy bank bu bo‘yicha tegishli hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, 1-sonli Murobaha standarti islomiy banklar tomonidan murobaha operatsiyasini amalga oshirish tartibini belgilaydi. Murobaha — moliya muassasasi tovarning boshlang‘ich qiymati va ustamasini mijozga ma’lum qilgan holda uni sotishi, jumladan, nasiyaga sotish orqali moliyalashtirish usuli.

Standartda moliya muassasasi tovarni mijozga sotishdan oldin uni o‘z mulkiga olishi kerakligi belgilangan. Tovar xarid qilinmasdan va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar olinmasdan turib, mijoz bilan murobaha shartnomasini imzolash mumkin emas.

Shartnomada tovarning boshlang‘ich qiymati va islomiy bankning ustamasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Ustama qat’iy miqdorda yoki tovarning boshlang‘ich qiymatiga nisbatan aniq foizda belgilanishi mumkin, biroq o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin emas.

Tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishish mumkin. Bunda to‘lov muddati uzaytirilgani yoki to‘lov kechiktirilgani sababli sotuv narxiga qo‘shimcha haq yoki ustama qo‘shish taqiqlanadi. Qarzdorlikni qaytarish muddatini to‘lov miqdorini oshirish evaziga uzaytirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Loyihaga muvofiq, islomiy bank moliyalashtirish majburiyatini olgani yoki mijozni moliyalashtirgani uchun undan komissiya va boshqa to‘lovlarni undira olmaydi.

Shuningdek, shartnomada to‘lov kechiktirilgani uchun neustoyka belgilanishi mumkin, biroq undirilgan mablag‘ to‘liq xayriya maqsadlariga yo‘naltirilishi kerak.

Hujjatda murobaha operatsiyalarini amalga oshirish, tovarni sotib olish va qabul qilib olish, mulk huquqi hamda tavakkalchiliklarning tomonlar o‘rtasida o‘tishi, shuningdek, to‘lovlarni undirish tartiblari ham belgilangan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, standart Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlanib, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi nazarda tutilgan.

Hujjat hozircha qaror loyihasi hisoblanadi hamda u bo‘yicha fikr-mulohazalarni 1-noyabrgacha jo‘natish mumkin.

Avvalroq Spot islomiy bank faoliyati uchun alohida talablar belgilangani haqida yozgan edi.