Markaziy bank bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Hujjat 17-iyul kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.

Hujjat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.

Islomiy bank faoliyati uchun litsenziya

Yangi bankni tashkil etishda islomiy faoliyatni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan ta’sischilar qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishi lozim. Jumladan:

  • islomiy moliya kengashi to‘g‘risidagi nizom loyihasi;
  • islomiy moliya masalalari bo‘yicha maxsus bo‘linma va ichki audit nizomlari;
  • islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati;
  • islomiy moliya kengashi a’zolariga oid hujjatlar.

Faoliyat yuritayotgan banklar ham “islomiy darcha"larni tashkil etish uchun Markaziy bankdan alohida litsenziya olishi shart bo‘ladi.

Buning uchun bank aksiyadorlar qarorini, yangilangan ustavni, islomiy moliya kengashi, maxsus bo‘linma va ichki audit tashkil etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni, uch yillik biznes-rejani, islomiy operatsiyalarni alohida hisobga olish imkonini beruvchi axborot tizimi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Markaziy bank bunday arizalarni ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqadi.

Islomiy moliya kengashiga talablar

Nizomda islomiy moliya kengashining maqomi va unga qo‘yiladigan talablar belgilandi. Kengash a’zolari Markaziy bank bilan oldindan kelishilishi shart bo‘ladi.

Kamida uch nafar a’zo, jumladan rais va uning o‘rinbosari, islomshunoslik, islom huquqi (fiqh), usulul fiqh yoki fiqhul muomalat yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Qolgan a’zolar moliya-iqtisod yoki yuridik mutaxassis bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, kamida bir nafar, 2027-yil 1-iyuldan esa barcha a’zolar AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi talab etiladi, ilmiy darajaga ega shaxslar bundan mustasno.

Islom huquqi bo‘yicha mutaxassis a’zolar arab tilini bilishi va birlamchi manbalarni sharhlay olishi kerak, ularning kamida uchdan ikki qismi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, islomiy moliya kengashi a’zosi bankning aksiyadori, kuzatuv kengashi a’zosi, boshqaruv a’zosi yoki xodimi bo‘lishi mumkin emas.

Rahbarlarga talablar

Nizom bank rahbarlarini Markaziy bank bilan kelishish tartibini ham nazarda tutadi. Nomzodlar ishchanlik obro‘si, tajribasi, bilim va ko‘nikmalari, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati, vaqt ajrata olishi, jamoaviy yaroqliligi bo‘yicha baholanadi.

Turli lavozimlar uchun minimal ish tajribasi ham aniq ko‘rsatildi. Masalan, bank boshqaruvi raisi bank yoki moliya tizimida kamida 10 yil, shundan 5 yil rahbarlik tajribasiga ega bo‘lishi, boshqaruv a’zolari kamida 5 yil, shundan 3 yil rahbarlik tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Kuzatuv kengashi a’zolari uchun kamida 5 yillik tajriba talab etiladi. Islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar kamida 7 yillik bank yoki moliya tizimidagi ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.

Kuzatuv kengashining kamida bir a’zosi, boshqaruv va islomiy moliya kengashining kamida ikki nafardan a’zosi davlat tilini bilishi lozim. Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar arab tilini bilishi va arab tilidagi diniy-huquqiy manbalarni tushunishi talab etiladi.

Markaziy bank islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilovchi hujjat loyihasini iyun oyi boshida jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Yaqinda esa regulyator huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Yangi organ islomiy moliya standartlarini ishlab chiqadi, sohani tartibga solish bo‘yicha regulyatorga xulosa va tavsiyalar beradi.

Avvalroq Spot Markaziy bank iyun oyida 21 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgan edi.