4-sentabr kuni Toshkent yo‘llarida jami 1 502 057 ta transport vositasi harakatlandi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi. Bu 3-sentabrdagi 1 487 250 ta ko‘rsatkichga nisbatan 14 807 taga (+1%) ko‘p.

Markaz tomonidan poytaxt ko‘chalaridagi transport oqimi, tirbandlik darajasi hamda jamoat transporti harakati sutka davomida doimiy monitoring qilinmoqda.

Kecha kun davomida 170 ta yo‘nalishda 1 670 ta avtobus harakatlanib, ular orqali 1 228 158 nafar yo‘lovchi tashilgan. Toshkent metropoliteni orqali esa ish kuni davomida 862 053 nafar yo‘lovchi manziliga yetkazilgan.

Kunning tig‘iz vaqtida 6 ta chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan, yana 1 ta chorrahada 7 balldan oshgan.

Tirbandlik kuzatilgan nuqtalarda transport oqimini barqarorlashtirish uchun svetoforlarning ish rejimi muvofiqlashtirilib, ayrim yo‘nalishlarda yashil signal vaqti uzaytirilgan. Shuningdek, zarur chorrahalarga YPX xodimlari jalb qilingan.

Kun davomida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bo‘yicha 4 751 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, 22 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular oqibatida 4 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olgan.

Markazda poytaxt yo‘llaridagi transport oqimi va tirbandlik holati real vaqt rejimida kuzatilib, harakat intensivligidan kelib chiqib svetoforlarning ish rejimiga tezkor o‘zgartirishlar kiritib borilmoqda.

Avvalroq Spot Toshkentda avtomobillar oqimi bir kunda 30% ga oshdi, biroq tirbandlik 6 ball darajasida saqlangani haqida yozgan edi.