Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida avtobuslar uchun ajratilgan yana qariyb 1 km yo‘lak ochildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Shota Rustaveli va Shahrisabz ko‘chalaridagi uzluksiz BRT yo‘lagining umumiy uzunligi qariyb 8 km ga yetdi.
Yangi uchastka Amir Temur shoh ko‘chasi bilan Shahrisabz ko‘chasi kesishmasidan Maxtumquli ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan hududdan o‘tadi. U Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va 6-sonli shahar tug‘ruq majmuasi oralig‘ida joylashgan.
Avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lak yo‘lning markaziy qismidan o‘tadi. U avtobuslarning tirbandliklarga bog‘liqligini kamaytirish, harakat muntazamligini oshirish va yo‘lovchilarning safar vaqtini oldindan aniqroq rejalashtirish imkonini berishi kerak.

Kelgusida BRT yo‘lagini uzaytirish va poytaxtning Sergeli hamda Yunusobod tumanlarini yagona transport yo‘lagi orqali bog‘lash rejalashtirilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi loyiha bo‘yicha keyingi bosqichlar, harakatni tashkil etishdagi ehtimoliy o‘zgarishlar va qurilish ishlari jadvali haqida qo‘shimcha ma’lumot berib borishini ma’lum qildi.
Shota Rustaveli ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi qismi 2025-yil oktabr oyida foydalanishga topshirilgan edi. Uning uzunligi qariyb 7 km ni tashkil etgan, yo‘lni rekonstruksiya qilish qiymati esa $19,2 mln ga teng bo‘lgan.
Avvalroq Spot Toshkentning yana to‘rtta qismida avtobuslar uchun 17,9 km uzunlikdagi BRT yo‘laklari qurilishi haqida yozgandi.