NVIDIA kompaniyasi hammuassisi va prezidenti Jensen Xuang Qozog‘istonni Physical AI — jismoniy dunyo bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi sun’iy intellekt bo‘yicha global xabga aylantirishni taklif qildi.
Amerikalik tadbirkor 23-oktabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qayev sun’iy intellektni rivojlantirish va raqamlashtirish mamlakatning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Qozog‘istonda joriy yil Raqamlashtirish va sun’iy intellekt yili deb e’lon qilinganini eslatdi.
Huangning qayd etishicha, Qozog‘iston energetika resurslari va malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlari tufayli sun’iy intellektni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega.
“Sun'iy intellektni rivojlantirish uchun, avvalo, energetika resurslari, shuningdek, fan, matematika va texnologiyalar sohasida bilimga ega insonlar zarur. Qozog‘iston ushbu yo‘nalishlarning har birini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega”, — dedi u.

NVIDIA rahbari, shuningdek, Qozog‘iston kompaniyalari, jumladan, Firebird AI KZ Ltd va Kazakhtelecom bilan hamkorlikda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, u Qozog‘istonning birinchi texnologik “yakkashox” kompaniyasi — Higgsfield loyihasini qo‘llab-quvvatlash haqida ham gapirdi.
Uchrashuv yakunida To‘qayev Jensen Xuangni Qozog‘istonda sun’iy intellektni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun I darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Avvalroq Spot Koreyaning SaferZone kompaniyasi Toshkentda data-markaz tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.