Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Janubiy Koreyaning AUM & LEE Architects & Associates kompaniyasi vitse-prezidenti Li Von Sok bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda 265 o‘rinli yangi onkologiya markazi qurilishining keyingi bosqichlari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Janubiy Koreyaning AUM & LEE konsorsiumi markazni loyihalashtirish, qurilishni boshqarish va nazorat qilish, tibbiy uskunalarni tanlash, tibbiy xizmatlar hamda axborot tizimini rejalashtirish bo‘yicha maslahat beradi.
Bundan tashqari, markaz xodimlari uchun tibbiy xizmatlar sifati, radiologiya, yadro tibbiyoti va nur terapiyasi yo‘nalishlarida uch bosqichli amaliy o‘quv dasturi tashkil etiladi.
Yangi onkologiya markazi Toshkentda Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining bir qismi bo‘ladi.
2025-yil oktabr oyida ham Toshkentda kattalar uchun mo‘ljallangan, qiymati $149,8 mln lik ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi boshlangan edi.
Loyihaning bosh pudratchisi Janubiy Koreyaning Kyeryong kompaniyasi hisoblanadi. IV darajali shifoxona 300 o‘ringa mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha, loyiha Koreyaning Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Uning $124 mln i Koreya Eksimbanki orqali kredit sifatida ajratiladi, qolgan $25,8 mln ni O‘zbekiston tomoni moliyalashtiradi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorilarni ulgurji sotishda majburiy qo‘shimcha xaridlar holatini o‘rganayotgani haqida yozgandi.