O‘zbekistonda 19−21-oktabr kunlari suyultirilgan gaz ta’minotidagi qonunbuzilishlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan reydlarda 120 dan ortiq holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ulardan 39 tasida gaz ta’minoti idoralari xodimlarining bevosita aloqadorligi aniqlandi.

Joriy kuz-qish mavsumida tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentning 12-sentabrdagi “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan sohani isloh qilish, gaz resurslaridan samarali foydalanish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilangan.

Biroq ayrim soha xodimlari fuqarolar bilan til biriktirib, davlat tomonidan aholi uchun ajratilgan gaz ballonlarini noqonuniy ravishda qimmat narxlarda sotishga uringan.

Bunday holatlarning oldini olish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zenergoinspeksiya xodimlari hamkorligida reydlar o‘tkazilgan.

Tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 mingdan ortiq gaz balloni va ularda saqlangan 13 636 kg suyultirilgan gaz ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Jizzax viloyatida jami to‘qqizta qonunbuzilish holati aniqlanib, sotish maqsadida noqonuniy saqlangan 239 ta gaz balloni fosh etildi. Jumladan, ilgari Zomin tumangaz ta’minoti bo‘limida yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonini yashirincha saqlab kelgan.

Sirdaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat aniqlandi. Xovos tumangaz bo‘limi mansabdorlaridan birining uyidan tegishli hujjatlarsiz saqlangan 30 ta gaz balloni olib qo‘yildi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumangaz to‘ldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan to‘ldirilgan uchta ballonini 2,5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Pastdarg‘om tumanida esa 1972-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonidan gaz bilan to‘ldirilgan 22 ta ballon topildi. Aniqlanishicha, u ballonlarni tumangaz bo‘limi haydovchisidan donasini 70 ming so‘mdan sotib olib, aholiga 100 ming so‘mdan sotgan.

Farg‘ona viloyatida Qo‘shtepa tumangaz bo‘limi muhandisi va chilangari aholi uchun mo‘ljallangan sakkizta gaz ballonini noqonuniy sotish maqsadida o‘z uylarida saqlab kelgani aniqlandi.

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reydlarda noqonuniy saqlangan jami 65 ta gaz balloni tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Xususan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz bo‘limi haydovchisidan donasini 70 ming so‘mdan sotib olgan 32 ta gaz ballonini iste’molchilarga qimmatroq narxda sotib, daromad olishga uringan.

Navoiy viloyatida esa Xatirchi tumangaz bo‘limi haydovchisining uyidan 26 ta gaz balloni protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bunday qonunbuzilish holatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa hududlarda ham aniqlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, suyultirilgan gaz ta’minotidagi qonunbuzilishlarni aniqlash bo‘yicha reydlar boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda muntazam davom ettiriladi. Qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga duch kelgan fuqarolardan Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamli Call-markaziga xabar berish so‘raldi. Xabar bergan shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda yil boshidan buyon gaz, neft, ko‘mir va gaz kondensati qazib olish kamaygani haqida yozgandi.