O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon ko‘mir, neft, tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olish hajmi kamaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining hisobotida keltirilgan.
2026-yilning yanvar-avgust oylarida 811,3 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning mos davridagi 775,7 ming tonnaga nisbatan 4,6% ko‘p. Shunga qaramay, benzin ishlab chiqarish 2024-yildagi 898,3 ming tonnaga nisbatan 9,7% kamligicha qolmoqda.
Uglevodorodlar qazib olish hajmi izchil qisqarishda davom etmoqda. Dastlabki sakkiz oyda 24,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 16,3% kam. Shuningdek, 425 ming tonna neft (-2,2%) va 648,3 ming tonna gaz kondensati (-14,8%) qazib olindi.
2024-yilning yanvar-avgust oylariga nisbatan qazib olish hajmi yanada ko‘proq qisqardi: tabiiy gaz 19,6%, neft 12,4% va gaz kondensati 21,8% ga kamaydi.
Portlandsement va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishda esa ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Ushbu mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi so‘nggi uch yil davomida barqaror o‘sib bormoqda.
Yanvar-avgust oylarida portlandsement ishlab chiqarish 14,1 mln tonnaga yetdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,2% (13,8 mln tonna), 2024-yilga nisbatan esa 34,3% (10,5 mln tonna) ko‘p.
Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 834,3 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2025-yildagi 786,6 ming tonnaga nisbatan 6,1%, 2024-yildagi 711,3 ming tonnaga nisbatan esa 17,3% yuqori.
2026-yilning yanvar-avgust oylarida ko‘mir qazib olish 4,4 mln tonnani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 4,9 mln tonnaga nisbatan 10,2% kam. Biroq 2024-yilning shu davridagi ko‘rsatkich bilan bir xil darajada qoldi.
Mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish sakkiz oyda 7,3% ga oshib, 60,5 mlrd kVt·soatga yetdi. O‘sish asosan kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga ta’minlandi.
Ular elektr energiyasi ishlab chiqarishni 32,4% ga oshirib, 20,17 mlrd kVt·soatga yetkazdi. Yirik korxonalarda esa ishlab chiqarish 2% ga kamayib, 40,36 mlrd kVt·soatni tashkil etdi.
Shu bilan birga, yirik korxonalarda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 19,1% ga qisqarib, 10,9 mln Gkalga tushdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda peshlavhalar uchun uch karra elektr energiyasi tarifi bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.