O‘zbekistonda tashqi reklama va axborot konstruksiyalari, shuningdek, yoritish moslamalari va chiroqli girlyandalar uchun sarflanadigan elektr energiyasi haqini to‘lashda qo‘llaniladigan oshiruvchi koeffitsiyentni bekor qilish taklif qilinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama 14-oktabrgacha davom etadi.
Hozirda Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 81-bandiga ko‘ra, tashqi reklama va axborot konstruksiyalari uchun elektr energiyasi haqi o‘rnatilgan quvvatdan sutka davomida foydalanish hisobidan yoki alohida hisoblagich o‘rnatish orqali hisoblanadi.
Bunda II tarif guruhi uchun belgilangan tarifga uch baravar oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi. 1-iyundan boshlab bazaviy tarif 1 kVt·soat uchun 1100 so‘mni tashkil etadi.
Loyihada ushbu bandni Qoidalardan chiqarib tashlash taklif qilinmoqda. Shu tariqa bunday konstruksiyalar uchun elektr energiyasi haqini uch baravar oshiruvchi koeffitsiyentsiz, umumiy tartibda to‘lash taklif etilmoqda.
Gap tashqi reklama va axborot obyektlarining konstruksiyalari, jumladan, videoekranlar, elektron displeylar, mediafasadlar va boshqa texnik vositalar, shuningdek, yoritish moslamalari va chiroqli girlyandalar haqida bormoqda.
Budjet tashkilotlari hamda byudjet mablag‘larini oluvchi tashkilotlar bundan mustasno, chunki ularga amaldagi uch baravar koeffitsiyent allaqachon tatbiq etilmaydi.
Bundan tashqari, loyihada tadbirkorlarga yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyatini berish, shuningdek, texnogen xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga kadastr pasportini olish jarayonini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklarda shakar miqdori haqida majburiy ogohlantiruvchi yozuvlar joriy etish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.