O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklarda shakar miqdori haqida majburiy ogohlantiruvchi yozuvlar joriy etish taklif qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi. Muhokama 14-oktabrgacha davom etadi.

Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ichimliklarning markirovkasi 100 ml mahsulot tarkibidagi shakar miqdoriga qarab belgilanadi. Shakar miqdori 5−8 gramm bo‘lsa, sariq fonda qora rangda “Shakar miqdori o‘rtacha” yozuvi joylashtiriladi. 8−11 gramm bo‘lsa, to‘q sariq fonda qora rangda “Shakar miqdori yuqori” yozuvi bo‘ladi.

Shakar miqdori 11 gramm va undan yuqori bo‘lgan ichimliklarda qizil fonda oq rangda “Shakar miqdori juda yuqori — tez-tez iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli” degan ogohlantirish bo‘lishi taklif qilinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, ogohlantiruvchi yozuvlar qadoqning old tomonida joylashtirilib, uning umumiy maydonining kamida 15% ini egallashi kerak. Ular kontrast ranglarda, iste’molchi bir qarashda aniq ko‘ra oladigan tarzda joylashtiriladi. Shuningdek, markirovkaga mahsulot tarkibi, kaloriyasi va tavsiya etilgan kunlik iste’mol me’yori haqida ma’lumot beruvchi QR-kodni qo‘shish taklif qilinmoqda.

Loyihada bunday ichimliklarni hisobga olish va nazorat qilishning yagona tizimini yaratish ham nazarda tutilgan. Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi 2027-yil martigacha laboratoriya tahlillarining yagona metodikasini tasdiqlashi, sentabrgacha esa akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlashni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-dekabrgacha tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilish uchun yagona raqamli platforma yaratish taklif etilmoqda.

Uni “Asl Belgisi” raqamli markirovka tizimi va Soliq qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish rejalashtirilgan. Tizimda har bir mahsulotdagi shakar miqdori va ishlatilgan shirinlashtiruvchi moddalar turlari haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, laboratoriya tadqiqotlari natijalari mahsulotning deklaratsiya qilingan va amaldagi tarkibi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash uchun ishlatiladi. Umumlashtirilgan ma’lumotlarni ochiq formatda e’lon qilish rejalashtirilmoqda.

Import qilinadigan ichimliklar uchun 2028-yil 1-yanvargacha shakar miqdorini elektron deklaratsiya qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bojxona qo‘mitasiga yangi markirovka talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik taklif etilgan.

2027-yil 1-yanvardan ta’lim muassasalarida belgilangan talablarga javob bermaydigan markirovkalangan alkogolsiz ichimliklarni sotishni bosqichma-bosqich cheklash mumkin.

Bundan tashqari, loyiha bunday ichimliklarni muntazam ravishda nazorat xaridi orqali tekshirish va aniqlangan qoidabuzarliklar haqida ma’lumotlarni e’lon qilishni nazarda tutadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda shakarni ortiqcha iste’mol qilish oqibatlari, uning tavsiya etilgan kunlik me’yori va bolalar salomatligiga ta’siri haqida axborot kampaniyalarini o‘tkazishni ham rejalashtirmoqda.


Avvalroq Spot Qozog‘istonda fastfud va shirin ichimliklar reklamasi cheklanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Tashabbus bolalarni zararli marketing ta’siridan himoya qilish va sog‘lom ovqatlanish odatlarini shakllantirishga qaratilgan.