Qozog‘istonda fastfud, shirin ichimliklar hamda tarkibida shakar, tuz va to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘lgan boshqa mahsulotlar reklamasini cheklash taklif qilinmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Bu vazifani avgust oyida prezident topshirgan. U hukumatga zararli odatlarni shakllantiradigan, sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani oshiradigan va mamlakatning mehnat salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan fastfudning agressiv reklamasini tartibga solishni aytgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi cheklovlarning asosiy maqsadi reklamaning bolalarning ovqatlanish tanloviga ta’sirini kamaytirish va ularda yoshligidan sog‘lom odatlarni shakllantirish ekanini ta’kidladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat reklamasi bolalar va o‘smirlarga ayniqsa kuchli ta’sir qiladi. Ular yorqin qadoqlar, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar va boshqa marketing vositalariga ko‘proq beriluvchan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida tuz, shakar, to‘yingan va transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar reklamasini televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklama konstruksiyalarida cheklash bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqdi.

Hududlarga esa sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish va bu borada bolalar hamda ota-onalarni xabardor qilish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Hozir mutaxassislar ushbu cheklovlarning ta’sirini baholash bo‘yicha tahlil tayyorlamoqda. Takliflar xalqaro tajriba va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 6−9 yoshdagi bolalarning 23%i ortiqcha vaznga ega, 6%i semirishdan aziyat chekadi, o‘smirlarning 17,5%i esa haftasiga kamida bir marta energetik ichimlik iste’mol qiladi.

2025-yil yanvaridan Qozog‘istonda 21 yoshgacha bo‘lganlarga energetik ichimliklar sotish taqiqlangan. O‘tgan yil sentyabridan boshlab maktablarda esa shakar va tuz miqdorini kamaytirish, sabzavot, meva va sut mahsulotlarini ko‘paytirishni nazarda tutuvchi yangi ovqatlanish standarti joriy etilgan.


Avvalroq Spot Buyuk Britaniyada televizor orqali fast-fud reklamasi taqiqlangani haqida yozgandi.

Reklamalarni soat 21:00 gacha televizorda ko‘rsatish taqiqlandi, shuningdek, internetda bunday reklamalar butunlay man etildi.