O‘zbekiston Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan oliy ta’lim, tadbirkorlik va zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari Sabah universiteti hamda Osiyo universiteti (AeU) bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish va talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda turizm va mehmondo‘stlik, tibbiyot, muhandislik hamda kiberxavfsizlik kabi ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan dual ta’lim tizimini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tizim nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, tomonlar tadbirkorlik va elektron tijorat yo‘nalishlarida akademik hamkorlikning moslashuvchan dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Ushbu sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik ta’limiga ixtisoslashgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari 2026-yil 2−4-dekabr kunlari Malayziyada o‘tkaziladigan AiSED-2026 xalqaro konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Konferensiya davomida o‘zbekistonlik oliy ta’lim muassasalari vakillari tadbirkorlik ta’limi sohasidagi yutuqlar, innovatsion loyihalar va tijoratlashtirishga yo‘naltirilgan ishlanmalarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishi kutilmoqda.

Bu esa mahalliy universitetlarning tajribasini xalqaro miqyosda namoyish etish va yangi hamkorlar topish uchun imkoniyat yaratadi.

Qayd etilishicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish hamda oliy ta’lim, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.


Avvalroq Spot yil yakunigacha Qashqadaryodan 500 nafar yosh Germaniyaga amaliyotga yuborilishi haqida yozgandi.