Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qiymati 42 milliard so‘m bo‘lgan texnikum 5,2 gektar maydonda joylashgan. Uning tarkibida o‘quv binolari va laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va Kasblar shaharchasi qurilgan. Jami 14 ta bino va inshoot mavjud bo‘lib, 80 ta ish o‘rni yaratilgan.

Hozirda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. O‘quv jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi qo‘llanilmoqda.

Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza hisoblanadi. Ularda tahsil olayotgan 2 800 nafar o‘quvchi shu yerda amaliyot o‘taydi. Dual ta’lim va amaliyotni tashkil etish bo‘yicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan, yana 11 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Yil yakunigacha 500 nafar yoshni nemis tiliga o‘qitib, Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyotga yuborish ko‘zda tutilmoqda. Prezident stajirovkaga ketayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, kasb va tilni puxta egallash muhimligini ta’kidladi.

Kasblar shaharchasi maktab o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash hamda ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan. Bu yerda yoshlar IT, “yashil” energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari sababli yangi mutaxassislarga talab ortib borayotgani qayd etildi. Shu bois, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Shu yerda Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar hamda Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Avvalroq Spot qashqadaryolik tadbirkor Mirziyoyevga o‘zi ishlab chiqargan kiyimni sovg‘a qilgani haqida yozgan edi.