Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qashqadaryo erkin iqtisodiy zonasidagi Sulton Tex Group to‘qimachilik klasterining fabrikasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qiymati $54 mln bo‘lgan loyiha doirasida mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi tashkil etildi. Korxonada yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirilib, 840 ta ish o‘rni yaratildi.

Fabrikada suv va energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalar joriy etilgan. Qiymati $3 mln bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlatilgan suvning 95% dan ortig‘ini tozalab, qayta foydalanish imkonini beradi. Bu yiliga 1,1 mln kub metr suvni tejashga xizmat qiladi.

Korxonada uzluksiz elektr ta’minoti uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 MVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minoti xarajatlarini kamaytirish hamda mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgan.

Kelgusida Sulton Tex Group klasteri EIZda $70 mln lik loyihani amalga oshirib, 3 570 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Viloyatning boshqa tumanlarida umumiy qiymati $17 mln bo‘lgan loyihalar yana 1 220 kishini ish bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishib, fabrikada joriy etilgan resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun ham namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Inson mehnat qilsa, albatta, natijasi ham boshqacha bo‘ladi. Mana shu yangi avlod tadbirkorlarimiz bilan hozir mutlaqo boshqa darajaga chiqyapmiz, ular nafaqat qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratyapti, balki “yashil” texnologiyalar bilan ekologiyaga g‘amxo‘rligini ham namoyon etmoqda, — dedi prezident.

Shu yerda Sulton Tex Group direktori Nurbek Ergashev o‘z fabrikasida ishlab chiqarilgan kiyimni Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a qildi. Tadbir ushbu kiyim milliy mahsulot ekanini qayd etib, uni davlat rahbariga o‘z qo‘li bilan berishni xohlaganini bildirdi.

“Osh pishirganda buni kiyib olsangiz bo‘ladi, “Made in Japan” deydi-ku, biz endi “Made in Uzbekistan deymiz”, — dedi Ergashev. Prezident bunga javoban “Made in Qashqadaryo” deya qayd etdi.

Avvalroq Spot prezident Qashqadaryoda $6 mlrd lik investitsiya loyihalarini ishga tushirgani haqida yozgan edi.