Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda Kosonsoy tumani hokimi o‘rinbosarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan tahdid qilgan.
Buning evaziga u tadbirkordan tamagirlik yo‘li bilan o‘zining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib berishni talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hokim o‘rinbosari quyosh panellarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlari uchun mo‘ljallangan 65 mln so‘m pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq Spot Farg‘onada hokim lavozimiga joylashtirish uchun $210 ming talab qilgan shaxs ushlangani haqida yozgandi.