Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyatida korrupsiyaga oid jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, S.A. ismli fuqaro I.D.ning ishonchiga kirib, o‘zini hakamlik sudida sudyaning yordamchisi sifatida tanishtirgan. U yuqori lavozimdagi tanishlari orqali I.D.ni Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga tayinlashga yordam berishini va’da qilgan. Buning uchun $210 ming so‘ragan.

Gumonlanuvchi $100 ming naqd pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Operatsiyada Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etgan.

S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining ikki moddasi — 168-modda 25-modda orqali (firibgarlikka suiqasd) va 211-modda 28-modda orqali (pora berishda ishtirok etish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi avgust oyida korrupsiyaga oid jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar reyestri to‘g‘risidagi hujjat loyihasini e’lon qildi. Unda O‘zbekistondagi barcha sudlangan korrupsionerlar haqida ma’lumotlar to‘planadi.

Ichki ishlar vazirligi reyestrga yozuvlar kiritadi, ularni o‘chiradi, shuningdek, so‘rovlar bo‘yicha shaxsning reyestrda mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Yozuvlar sudlanganlik holati tugallangunga yoki olib tashlangunga qadar saqlanadi.


Avvalroq Spot Toshkentda viza uchun chet elliklardan $31,2 ming olgan ikki shaxs ushlangani haqida yozgandi.